Bekbolot Talg‘arbekov bilan birga yana 2 kishi qo‘lga olindi
Olam
−
16:29 4378 2 daqiqa
Bugun, 11 fevral kuni Qirg‘izistonda yangi prezidentlik saylovlarini o‘tkazish bo‘yicha murojaat bilan chiqqan bir guruh fuqarolarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ularning ayrimlari hibsga olingan. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga tayanib, “24.kg” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 9 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda 75 nafar fuqaro Prezident Sadir Japarov hamda Jogorku Kenesh raisi Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘liga mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish bo‘yicha murojaat yo‘llagani haqida xabarlar tarqalgan. Mazkur murojaatni akademiklar, sobiq bosh vazirlar, sobiq parlament a’zolari va jamoat arboblari imzolagan.
Vazirlikka ko‘ra, murojaatdagi ayrim bayonotlar jamoatchilik orasida keskin muhokamalarga sabab bo‘lgan hamda ijtimoiy-siyosiy vaziyatni murakkablashtirgan.
Shu asosda Ichki ishlar vazirligining Tergov xizmati Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 278-moddasi – ommaviy tartibsizliklar – bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.
Ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda gumonlanib, Emilbek Uzoqboyev, Qurmanbek Diyqanboyev va Bekbolot Talg‘arbekov hibsga olingan. Ular vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev mamlakat Prezidenti Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod qilingandi.
Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosar Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniyel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ham ishdan olingan.
Qamchibek Tashiyev esa sog‘lig‘idagi muammo sababli Prezident ruxsati bilan Germaniyaga davolanish uchun borgani, ishdan olingani haqidagi qaror kutilmaganda yuz bergani haqida gapirgan.
“Qanday bo‘lmasin, biz Prezident qaroriga bo‘ysunamiz. Men davlatimizga, xalqimizga va Prezidentimizga sharaf bilan xizmat qildim va bundan faxrlanaman. Shaxsiy tarkib bilan xayrlashish imkoniyati berilmagani meni bir oz xafa qildi”, degan sobiq rahbar.
Keyinroq esa qirg‘izistonlik jamoat arbobi Bekbolot Talg‘arbekov huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi