Qirg‘izistonda niqob kiyganlik uchun jarima solish taklif qilinmoqda
Olam
−
26 dekabr
1714Qirg‘izistonda jamoat joylarida niqob kiyganlik uchun 20 ming som (2 mln 963 ming 104 so‘m) miqdorida jarima solish taklif qilinmoqda. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu qaror parlamentda muhokama qilinayotgan “Diniy e’tiqod erkinligi va diniy birlashmalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, qonunbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga davlat idoralari va jamoat joylarida fuqaroning yuzini yashiruvchi kiyim kiyishga taalluqli modda qo‘shiladi.
Deputat Doston Bekeshev jarima miqdori fuqarolar uchun mos emas deb hisoblagan. Uning ta’kidlashicha, niqobni aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari ayollari kiyadi va ular bu miqdorni to‘lashga qodir emas.
“Yuzingizni yashirganlik, niqob yoki burqa kiyganlik uchun jarima 20 ming som. Niqobni aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari ayollari kiyishadi. Niqob kiygan, daromadi va ta’limi yaxshi ayollarni ko‘p uchratmadim”, degan deputat.
Ma’lumot uchun, 2023 yil oktyabr oyida Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva “Din to‘g‘risida”gi yangi qonunga muvofiq jamoat joylarida diniy libos kiyish taqiqlanishini e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda 2025 yilning mart oyidan boshlab masjidlardagi imomlarga maosh to‘lanishi haqida xabar berilgan edi.
LiveBarchasi