Qirg‘izistonda mitinglar davom etmoqda
Olam
−
04 dekabr 2023
11512Qirg‘iziston bo‘ylab ko‘plab yirik bozorlarda mitinglar davom etmoqda. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.
Shunday mitinglardan biri Bishkekdagi “Dordoy Motors” avtomobil ehtiyot qismlari bozorida ro‘y berdi. Savdogarlar savdo patentlarining bekor qilinishi va nazorat-kassa mashinalaridan foydalanishga qarshi ekanini bildirdi.
Tadbirkorlar og‘ir sharoitda ishlayotganini, davlat esa ularga hech qanday yordam bermayotganini aytgan. Endilikda joriy qilinishi belgilangan nazorat-kassa mashinalaridan esa ko‘pchilik tadbirkorlar qanday foydalanishni bilmaydi.
“Biz patentlarni qoldirishni so‘raymiz. Biz soliq to‘lashdan bosh tortmaymiz, lekin hisobotlar bilan soliq idorasiga borishga vaqtimiz yo‘q. Ishlashimiz kerakmi yoki soliq idorasida o‘tirishimiz kerakmi? Bizga patentlarni qoldiring, tamom”, deydi tadbirkorlardan biri.
O‘z navbatida, “Dordoy” bozori asoschisi Asqar Salimbekov savdogarlarni komissiyaga “Dordoy Motors” ishchilari nomidan takliflar kiritadigan 15 kishidan iborat guruh tashkil etishga chaqirgan. Kasaba uyushmasi vakili ham Salimbekovning taklifiga qo‘shildi. Uning ta’kidlashicha, agar savdogarlar vaziyatni muhokama qilishdan bosh tortsa, ular bu jarayondan chetda qoladi.
“Bizga hech qanday komissiya kerak emas, patentlarni qoldiring, tamom. Bir yildan ortiq vaqt davomida Kasaba uyushmalari jim bo‘lib, hech narsa qilmadi, hozir esa biz ularga ishonmaymiz ", deb g‘azablangan mitingda qatnashayotgan bir ayol.
Keyinroq bozorga namoyishchilarga qo‘shilish uchun Bishkek meri Aybek Junushaliyev ham borgan.
Bundan tashqari, To‘qmoq shahrida ham savdogarlar kassa apparatlaridan foydalanishga qarshi miting o‘tkazgan.
Internetda tarqalgan kadrlardan ko‘rinib turibdiki, mahalliy hokimiyat vakillari savdogarlarga murojaat qilgan, biroq odamlar ularni tinglashni istamagan. “Patent! Patent! Patent!" deya qichqirishni boshlagan namoyishchilar.
Qora-Balta shahridagi bozorlar va do‘konlar savdogarlari esa Jayil viloyati davlat ma’muriyati yonida miting o‘tkazgan.
Bishkekdagi “Kudaybergen” avtomobil ehtiyot qismlari bozori esa uch kundan beri yopiq. 2 dekabr kuni savdogarlar miting o‘tkazib, rasmiylar talablarini eshitmaguncha ishlamasliklarini aytgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 1 yanvardan Qirg‘izistonda savdo faoliyati uchun patent bekor qilinadi. “Dordoy” va “Qorasuv” bozorlari alohida soliq rejimiga o‘tmoqda. Unda mazkur bozorlarda nazorat-kassa mashinalari qo‘llanilmasligi, soliq miqdori tovar aylanmasiga bog‘liq bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Bunday holda, savdo faqat bozor ichida mumkin bo‘ladi.
Mahalliy bozor savdogarlari esa soliq to‘lovlarini o‘zgartirishga qarshi. Ular rasmiylardan patent bo‘yicha ishlashni davom ettirishga ruxsat berishlarini so‘ramoqda.
Shu maqsadda joriy yilning 30 noyabr kuni mamlakat poytaxtidagi “Dordoy” bozori va O‘sh viloyatidagi “Qorasuv” bozorida miting bo‘lib o‘tdi. Kecha, 1 dekabrda Bishkekdagi “Olamedin” bozorida ishlayotgan tadbirkorlar, shuningdek, “Orto-Say” va “Madina” bozorlari ishchilari miting o‘tkazdi. Bozorlarda nazorat-kassa mashinalaridan majburiy foydalanishga qarshi mitinglar nafaqat Bishkekda, balki O‘sh, Talas va Qorako‘l shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qirg‘iziston Prezidenti Administratsiyasida Vazirlar Mahkamasi rahbari Oqilbek Japarov raisligida mas’ul davlat organlarining savdo tuzilmalari, yirik bozorlar vakillari va mulkdorlari, kasaba uyushma tashkilotlari hamda savdo xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgandi. Unda Oqilbek Japarov informatsion faoliyat yo‘qligi sababli jamiyatda soliq rejimi ishidagi o‘zgarishlar haqida noto‘g‘ri tushuncha shakllanganini aytgandi. U ayrim kuchlar ma’lumot yetishmasligidan foydalanib, savdogarlarni “silkitishga” harakat qilayotganini ta’kidlagandi. Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov esa bozorlardagi noroziliklar bo‘yicha ishchi komissiya tuzib, tekshiruv o‘tkazishni buyurdi.
LiveBarchasi