Qirg‘izistonda elektron sigaretalar chekish taqiqlanmoqda

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov tamaki mahsulotlari va nikotin moddalarining zararli ta’siridan aholining sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha choralarni kuchaytirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Ushbu qonun 2024 yil 23 oktyabrda Jogorku Kenesh tomonidan qabul qilingan bo‘lib, mamlakat hududiga elektron sigaretlarni olib kirishni, sotish va foydalanishni taqiqlaydi. Bu haqda “Economist.kg” xabar berdi.

Qayd etilishicha, qonunning asosiy maqsadi nikotin va tamaki aerozollarining aholiga salbiy ta’sirini kamaytirish. E’tibor, xususan, elektron sigaretlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashga qaratilgan.

Hujjatga ko‘ra, elektron sigaretlardan foydalanganlik uchun jazo choralari belgilangan. Bunda jismoniy shaxslarga 10 ming som (1 mln  484 ming so‘m), yuridik shaxslarga esa 60 ming som (8 mln 905 ming so‘m) miqdorida jarima solinadi.

Elektron sigaretlarni sotish esa undan ham qimmatga tushadi. Xususan, buning uchun jismoniy shaxslarga 20 ming som (qariyb 3 mln so‘m), yuridik shaxslarga esa 65 ming som (9 mln 647 ming so‘m) jarima belgilangan.

Elektron sigaretlarni noqonuniy olib kirish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar Jinoyat kodeksi doirasida ko‘rib chiqiladi. Agar olib kirilgan mahsulot miqdori sezilarli darajada katta bo‘lsa, aybdorlar ikki oydan bir yilgacha majburiy mehnat 100-120 ming som (14-17 mln so‘m) jarimaga tortiladi. Bundan tashqari, bir yilgacha muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etilishi mumkin.

Agar mahsulot hajmi juda katta bo‘lsa, jarima miqdori 150-200 ming som (22-29 mln so‘m) etib belgilanishi va bir-ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Qonun 2025 yil 1 iyuldan boshlab kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Iqtisodiyot vazirligi 6 oy muddatga uchinchi davlatlardan sigaretalar olib kirishni taqiqlovchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston elektron sigareta

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing