Qirg‘izistonda yana saylov. O‘tgan safargi saylov namoyishlarga ulangandi

Olam

image

Qirg‘izistonda mahalliy hokimiyat organlariga saylovlar va Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum boshlandi. Bu haqda Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasiga tayanib xabar berilgan.  

"Bugun kun davomida mamlakat hududida soat 08:00 dan 20:00 gacha 2 483 ta saylov uchastkasi ishlaydi", deyilgan MSK xabarida. 

Shuningdek, bugun, 11 aprel kuni dunyoning 28 mamlakatida 48 ta saylov uchastkalari ham ochiladi. 

Qirg‘iziston MSKning ta’kidlashicha, tuzatishlar kiritish bo‘yicha referendum saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 3,6 million fuqaroning 30 foizidan ko‘prog‘i ishtirok etgan taqdirda o‘tkazilgan deb hisoblanadi. 

Tuzatishlar qatorida Prezident vakolatlarini kuchaytirish, parlament a’zolarini 120 kishidan 90 kishiga qisqartirish va uning vakolatlarini kamaytirish bor. 

Agar tuzatishlar referendumda ma’qullansa, Qirg‘iziston Prezidenti mustaqil ravishda vazirlarni tayinlash va lavozimdan ozod qilish, shuningdek Hukumat ustidan to‘liq nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Ma’lumot o‘rnida, Qirg‘iziston mahalliy hokimiyat organlariga bo‘lib o‘tadigan saylov va mamlakat konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha referendumni 31 mamlakatdan kelgan kuzatuvchilar nazorat qilib boradi. Ular orasida o‘zbekistonlik vakillar ham bor. 

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 2020 yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin, 7 foizlik minimum ovozni to‘play olmagan partiya tarafdorlari norozilik namoyishlarini boshladi. Bir necha kun davom etgan namoyish va tartibsizliklar ortidan Bosh vazir Kubatbek Boronov va uning Hukumati iste’foga chiqdi. Namoyishchilar davlat idoralarini egallab oldi. 

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi. 

O‘sha vaqtdagi Prezident Sooronbay Jeenbekov Bishkekda favqulodda holat joriy qildi va poytaxtga harbiylar kiritildi. Buning natijasida vaziyat biroz tinchidi. Ammo namoyishchilar Prezidentdan iste’foga chiqishini talab qildi. Natijada 15 oktyabrda Jeenbekov xalqiga qarata o‘q uzib, qon to‘kmaslik uchun iste’fo berdi.  

Uning vazifasini vaqtincha bajarishi kerak bo‘lgan parlament spikeri Kanat Isayev bundan bosh tortdi. Natijada davlat rahbari vakolati namoyishlar ortidan Bosh vazir bo‘lgan Sadir Japarovga o‘tdi. 

Sadir Japarov Qirg‘izistonda joriy yilning 10 yanvar kuni muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi. U 28 yanvar kuni qasamyod keltirib, rasman Prezident lavozimida ish boshladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston saylov

Baholaganlar

85

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing