Qirg‘izistonda FVVning sobiq rahbari korrupsiyada gumonlanib, hibsga olindi

Olam

image

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligining sobiq rahbari va Jalolobod viloyatining sobiq hokimi Sulton Urmanayevni korrupsiyaga aloqadorlikda gumon qilib qo‘lga oldi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib, “Kaktus media” xabar berdi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Urmanayev 1995 yil dekabridan 1996 yil apreligacha “Qirg‘iztransavto” davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi bo‘lib, ayrim mansabdor shaxslar ko‘magida davlat mablag‘lari hisobidan “Tokchuluk” davlat aksiyadorlik jamiyati aksiyalarini sotib olgan va keyinchalik sobiq “Baliqchi” go‘sht kombinatining ko‘chmas mulk ob’ektlarini noqonuniy ravishda xususiy mulkka chiqargan.

“Bugungi kunda yuqoridagi ko‘chmas mulkning qiymati 626 million somni (qariyb 93 mlrd so‘m) tashkil etadi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mazkur korrupsion sxemaga boshqa shaxslarning aloqadorligini aniqlash va noqonuniy ravishda xususiylashtirilgan mulkni davlatga qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Jogorku Keneshiga korrupsiya jinoyati uchun sudlangan shaxslarning davlat rahbarlik lavozimlarini egallashini umrbod taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi kiritilgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sulton Urmanaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing