Qirg‘izistonda avtoritar tuzum qayta jonlantirilmoqda – Atamboyev
Olam
−
07 aprel 2022
12015Bugun Qirg‘izistonda 2010 yil 7 aprelda halok bo‘lganlar xotirasi yodga olinmoqda. Fojiali voqealar “Aprel xalq inqilobi” deb nom olgan. Og‘ir jinoyatlarda ayblanib, hibsga olingan Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev tarixiy sana munosabati bilan yozma murojaat yo‘lladi.
“Bugun “Aprel xalq inqilobi”ning yana bir yilligini nishonlayapmiz. Bundan roppa-rosa 12 yil avval korrupsion va qonli Bakiyev rejimidan umidsizlikka tushgan yurtdoshlarimiz Hukumat uyiga bostirib kirgan edi. Oddiy odamlarning g‘azabi shu qadar kuchaydiki, ularni Ala-Too maydonidagi granata portlashlari, Oq uy tomondan uchib kelayotgan o‘qlarning “do‘llari”, o‘limlar to‘xtata olmadi. O‘sha qonli kunlarda 87 nafar qirg‘izistonlik halok bo‘ldi. Mingga yaqin odam yaralandi. Ulardan 70 ga yaqini oxirgi 12 yil ichida vafot etgan. Xalqimiz Bakiyevlar oilaviy-klan rejimi ustidan g‘alaba qozonish uchun shunday achchiq badal to‘ladi”, deyiladi murojaatda.
Atamboyevning so‘zlariga ko‘ra, “Aprel inqilobi” qahramonlarining jasoratini bugun hokimiyat tepasida turganlarning ko‘pchiligi unutib, o‘chirishni istardi”.
“Bizning ko‘z o‘ngimizda Qirg‘izistonda so‘nggi bir yarim yil ichida ishonch bilan avtoritar tuzum qayta jonlantirilmoqda, Bakiyev rejimining eng yaqin tarafdorlari jonlantirilmoqda, “Aprel inqilobi” xotirasi jimgina o‘chirilmoqda, demokratiya va so‘z erkinligi yutuqlariga chek qo‘yilmoqda”, deydi u.
Sobiq Prezident “qochqin davlat rahbari Akayev Qirg‘izistonga hech narsa bo‘lmagandek kelayotgani, uni limuzinda so‘roqqa olib ketib, keyin qo‘yib yuborishayotgani va xalq oldidagi barcha ayblarini kechirishayotganidan” g‘azablangan.
“Bizning tushunishimizcha, xuddi shu tarzda, ma’lum vaqt o‘tgach, qochoq Prezident Bakiyev Qirg‘izistonga olib kelinishi va uning ostiga qizil gilam yotqizilishi mumkin. Bu masala hokimiyatning eng yuqori pog‘onasidagi ma’lum kuchlar tomonidan ilgari surilmoqda. “Aprel xalq inqilobi”dan keyin o‘z lavozimini sharmandalarcha tashlab ketgan amaldorlar qanday qilib yuqori lavozimlarga qaytayotganini ko‘rib turibmiz. 12 yildan beri qidiruvda bo‘lgan, Medet Sadirqulovning o‘ldirilishi bo‘yicha eng muhim ayblanuvchining naqadar xotirjam kelib, militsiyaga taslim bo‘layotganini ko‘rib turibmiz. Va biz unga nisbatan sud qanday ketayotganini ko‘ryapmiz. Bakiyevlar davrida jurnalistlar va muxolifat qanday o‘ldirilganini eslaymiz. Bugun esa muxolifat qanday bo‘g‘ilayotganini, jurnalistlar, blogerlar, huquq himoyachilari qanday qilib so‘roqqa tortilayotganini ko‘rib turibmiz”, deb yozgan Almazbek Atamboyev.
Sobiq davlat rahbarining fikricha, “Akayev xalqni 15 yil, Bakiyev 5 yil, Soke (Sooranbay Jeenbekov) bor-yo‘g‘i 3 yil aldagan”.
“Har bir yangi hukmdor kelishi bilan Qirg‘iziston xalqi yolg‘on, korrupsiya va diktaturaga toqatsiz bo‘lib bormoqda. Rasmiylar buni yodda tutishi kerak. Prezident Japarov xalq ishonchini oqlashi kerak. Xalq hamon davlat rahbariga katta ishonch bilan qaraydi va undan adolat, halol va to‘g‘ri qadamlar kutadi”, degan Atamboyev.
Ma’lumot o‘rnida, 2010 yilning 7 aprelida Qirg‘izistonda inqilob bo‘lib o‘tdi, natijada mamlakatning ikkinchi Prezidenti Qurmanbek Bakiyev taxtdan ag‘darilib, mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi. Prezidentni qo‘llab-quvvatlayotgan harbiy xizmatchilar va muxolifat tarafdorlari o‘rtasidagi to‘qnashuvda 80 dan ortiq odam halok bo‘ldi, bir necha yuz kishi jarohatlandi.
Jinoyatlari uchun vatanida sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Bakiyev qochib ketganidan so‘ng Qirg‘izistonda hokimiyat Roza Otunbayeva boshchiligidagi muvaqqat hukumat qo‘liga o‘tdi. Hozirda Qirg‘izistonning ikkinchi Prezidenti Minskda istiqomat qiladi.
Muvaqqat hukumatga 14 kishi, jumladan, Roza Otunbayeva (MH rahbari), Almazbek Atamboyev (birinchi o‘rinbosar), Temir Sariyev va Azimbek Beknazarov (MH rahbari o‘rinbosari), Damira Niyazaliyeva (Sog‘liqni saqlash vaziri) kirdi. Emilbek Kaptagayev MH apparati rahbari edi.
O‘sha yilning iyun oyida Qirg‘izistonning janubida mahalliy qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaro chiqdi. “O‘sh voqealari” nomi bilan tarixga kirgan ushbu nizo oqibatida 500 ga yaqin inson halok bo‘ldi. Jarohatlanganlar soni mingdan, qo‘shni O‘zbekistonga qochib o‘tganlar soni esa yuz mingdan oshdi. Bundan tashqari 3,5 mingdan ortiq ko‘chmas mulk vayron qilindi. Shundan atiga 275 tasi davlatga tegishli, qolgan katta qismi esa mahalliy aholining boshpanasi edi. Ushbu statistika voqeaning ko‘lamidan dalolat: yongan uylar, qonga belangan qo‘llar, yaqinlaridan ayrilgan insonlar.
Respublikaning yaqin tarixidagi birinchi inqilob 2005 yil mart oyida o‘tkazilgan, uning natijasida birinchi Prezident Asqar Akayev hokimiyatdan ag‘darilgan, u ham xavfsizlik nuqtai nazaridan oilasi bilan chet elga ketishga majbur bo‘lgan.
LiveBarchasi