Qirg‘iziston va Tojikiston qariyb 18 km chegara bo‘yicha kelishuvga erishdi
Olam
−
08 noyabr 2023
38181-8 noyabr kunlari Tojikistonning So‘g‘d viloyati Bo‘ston shahrida Qirg‘iziston va Tojikiston hukumat delegatsiyalarining qirg‘iz-tojik chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha topografik ishchi guruhlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “AKIpress” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, topografik ishchi guruhlar Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasining 17,98 kmi bo‘yicha kelishib olgan. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tegishli bayonnoma imzolangan.
Tomonlar Qirg‘iziston hududida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uchrashuvda qolgan hududlarni tavsiflash ustida ishlashni davom ettiradi.
Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegarasining uzunligi qariyb 980 km. 2002 yilning dekabr oyidan boshlab uni delimitatsiya qilish (davlat chegarasini uning o‘tish joyini tavsiflash va xaritada chizish) bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Hozirgi vaqtda chegara chizig‘ining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i aniqlangan va davlatlar tomonidan o‘zaro tan olingan, qolgan uchastkalar bahsli hisoblanadi.
Ushbu muammoni hal etmaslik ikki respublikaning mahalliy aholisi va harbiy xizmatchilari o‘rtasida, shu jumladan o‘qotar quroldan foydalanish bilan bog‘liq nizolarga sabab bo‘lgan. Ikki davlat vakillari o‘rtasida chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha so‘nggi uchrashuv oktyabr oyi boshida bo‘lib o‘tgan, o‘shanda hukumat delegatsiyalari chegaraning 43 km dan ortiq qismini kelishib, protokol imzolagan edi.
LiveBarchasi