Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan temir yo‘l uchun Xitoydan qarz olyapti

Olam

image

Bishkek “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasida Qirg‘izistonning ulushini moliyalashtirish uchun Xitoydan 304,5 million dollar imtiyozli kredit oladi. Bu haqdagi hujjat  bugun, 23 iyun kuni Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshining Xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasi yig‘ilishida muhokama qilindi. 

Transport va kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Almaz Turg‘unboyevning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston yangi temir yo‘l qurilishi bo‘yicha qo‘shma loyihada Qirg‘iziston tomonining 50 foiz ulushini moliyalashtirish uchun 2,074 milliard yuan (taxminan 304,5 million dollar) miqdorida imtiyozli kredit jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Qirg‘izistonning ulushi 24,5 foizni yoki qariyb 609 million dollarni tashkil etadi. Ushbu mablag‘ning yarmi davlat mablag‘lari hisobidan, qolgan yarmi esa qarz mablag‘lari hisobidan ta’minlanishi rejalashtirilgan.

Kredit 25 yil muddatga, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davr bilan beriladi. Foiz stavkasi yillik 1,5 foizni tashkil etadi, kreditning grant elementi esa, Moliya vazirligining baholashicha, 35,46 foizga yetadi.

Mablag‘lar faqat qirg‘izistonlik aksiyadorning qo‘shma temir yo‘l kompaniyasiga kapital qo‘yilmalarini moliyalashtirish va magistral qurilish ishlarini to‘lashga yo‘naltiriladi.

Bitim tashabbuskorlari qo‘mitani bitimni bir vaqtning o‘zida uchinchi o‘qishda ma’qullashga chaqirdi, biroq qo‘mita rahbari Elvira Surabaldiyevaning ta’kidlashicha, bugun qo‘mita qonun loyihasini ikkinchi o‘qish rejimida ko‘rib chiqmoqda.

“25 iyun kuni biz qo‘mitaning navbatdan tashqari yig‘ilishini o‘tkazamiz va u yerda ushbu bitimni uchinchi o‘qish rejimida ko‘rib chiqishga tayyormiz, shundan so‘ng uni yalpi majlisga kiritish mumkin bo‘ladi. Biz uning ahamiyatini tushunamiz, lekin biz JK qoidalarini buza olmaymiz”,  deya qo‘shimcha qilgan u.

Eslatib o‘tamiz, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston  temir yo‘li Markaziy Osiyodagi eng yirik infratuzilma loyihalaridan biri hisoblanadi. Loyihaning umumiy qiymati 4,7 milliard dollarga baholanmoqda, shundan qariyb 2,3 milliard dollari Xitoy tomonidan qo‘shma loyiha kompaniyasiga 35 yil muddatga kredit shaklida taqdim etiladi. Qolgan mablag‘lar kompaniya ta’sischilari tomonidan ustav kapitaliga kiritilishi kerak: Xitoy – 51 foiz, Qirg‘iziston va O‘zbekiston – 24,5 foizdan.

Qirg‘iziston Respublikasi Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 31 yanvar holatiga ko‘ra, Qirg‘izistonning Xitoy Eksport-import banki oldidagi qarzi qariyb 1,5 milliard dollarni tashkil etadi, bu esa uni respublikaning eng yirik tashqi kreditoriga aylantiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Qirg'iziston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing