Qirg‘iziston O‘zbekiston sabab qoramol eksportini taqiqlab qo‘ydi
Olam
−
03 fevral
31601Joriy yilning 31 yanvaridan boshlab Qirg‘iziston Suv, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vazirligi huzuridagi Veterinariya xizmati tomonidan qishloq xo‘jaligi hayvonlari, jumladan, qoramol, mayda qoramol va otlarni olib chiqish uchun ruxsatnomalar berish to‘xtatildi. Bu haqda boshqarma matbuot xizmati xabar berdi.
Cheklovlar vazirlikning “Qishloq xo‘jaligi tovarlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 04-13/4-sonli buyrug‘iga asosan kiritilgan. Ilgari berilgan ruxsatnomalar tekshiruvlar yakunlangunga qadar va me’yoriy-huquqiy baza to‘g‘rilanguniga qadar vaqtinchalik to‘xtatib turildi.
“Ruxsat berish jarayonining qayta tiklanishi keyinroq e’lon qilinadi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 29 yanvar kuni Qirg‘iziston parlamenti deputati Janar Akayev O‘zbekistonga har hafta 15-20 ming bosh qoramol olib chiqilayotgani, veterinariya xizmati xodimlari go‘yoki bo‘lim boshlig‘i uchun har bir hayvondan 100 somdan pul yig‘ishayotgani haqida so‘z ochgan. Shundan so‘ng u Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga murojaat qilib, vaziyatni o‘rganishni so‘ragan.
Keyinchalik veterinariya xizmati deputatning bayonotini asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan deb atadi. Xizmat, shuningdek, deputatning bayonoti asosida ichki tekshiruv boshlangani haqida xabar berdi.
Chorvachilik eksportiga vaqtinchalik taqiq bu ayblovlar natijasimi yoki yo‘qmi, hozircha ma’lum emas.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil sentyabr oyida Suv, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vazirligi qoramol, mayda qoramol va otlarni olib chiqish uchun ruxsatnomalar berishni to‘xtatib qo‘ygan edi. Bunga sabab Hayvonlarni identifikatsiya qilish va kuzatish tizimida qishloq xo‘jaligi hayvonlarini identifikatsiya qilish bo‘yicha inventarizatsiya o‘tkazish edi.
LiveBarchasi