Qirg‘iziston sigareta importini taqiqlamoqchi
Olam
−
07 Oktabr
1915Qirg‘iziston Iqtisodiyot vazirligi 6 oy muddatga uchinchi davlatlardan sigaretalar olib kirishni taqiqlovchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi. Bu haqda “Kaktus media” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Qirg‘iziston Iqtisodiyot vazirligi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lmagan davlatlardan Qirg‘iziston hududiga 2402 kodi bilan tasniflangan sigaretalarni import qilish, tranzit o‘tkazish, reeksport qilish, bojxona omboriga joylashtirish va bojxona savdo zonalariga kirishini olti oyga taqiqlashni rejalashtirmoqda.
Ushbu tasnif kodi ostiga quyidagi tovarlar kiradi:
-
2402.10: Tamaki yoki uning o‘rnini bosuvchi moddalardan yasalgan sigaralar, sigarillalar va sigaretalar;
-
2402.20: Sigarillalar;
-
2402.90: Boshqa tamaki va uning o‘rnini bosuvchi moddalarni o‘z ichiga olgan cigaralar va sigaretalar.
Qayd etilishicha, qonun loyihasining asosiy hujjatida Qirg‘izistonda 2023 yilda noqonuniy sigaretalar ulushi 17,7 foizga o‘sganini ta’kidlangan. Barcha kontrafakt mahsulotlar Oris, Mondeo, Like va Madrid brendlari ostida uchinchi davlatlar, jumladan Serbiya va BAAda ishlab chiqarilgan.
“Shu munosabat bilan, fuqarolarni sertifikatlanmagan kontrafakt sigaretalarni iste’mol qilishdan himoya qilish maqsadida importga taqiq qo‘yishga qaror qilindi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, xalqaro tajribaga asoslanib, noqonuniy mahsulotlarga bo‘lgan talab va sigaret qutisining narxi bir-biriga bog‘liq ekanligi qayd etilgan – kontrafakt tamaki mahsulotlari bozori sigareta narxi baland, ammo iste’molchilarning to‘lov qobiliyati past bo‘lgan holatlarda tez rivojlanmoqda.
Shuningdek, ayrim tadqiqotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda noqonuniy tamaki mahsulotlarini chiqarish uchun asosiy markaz bo‘lib qolmoqda. So‘nggi to‘rt yil ichida bojxona savdo do‘konlarida sotish uchun mo‘ljallangan sigaretalar miqdori 10 barobar ko‘paygan. 2023 yilda bojxona savdo do‘konlari va bojxona omborlarida sigaretalar aylanmasi 300 million qutiga yetgan.
Bildirilishicha, qaror qabul qilingan taqdirda, 15 kundan keyin kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Jogorku Keneshining yonilg‘i-energetika kompleksi qo‘mitasi yig‘ilishida o‘zbek sementi importiga qo‘yilgan taqiq yuzasidan tortishuv bo‘lgan edi. Unda Qirg‘iziston parlamenti deputati Alisher Kozuyev O‘zbekistondan sement import qilishga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashni taklif qilgan.
LiveBarchasi