Qirg‘izistonda imomlarga maosh joriy etiladi

Olam

image

Qirg‘izistonda 2025 yilning mart oyidan boshlab masjidlardagi imomlarga maosh to‘lanadi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakatda o‘tkazilgan III Xalq Qurultoyida so‘z ochdi.

Prezidentga ko‘ra, dastlabki bosqichda maosh miqdori 8000 qirg‘iz so‘mini (taxminan 1 mln 180 ming so‘m) tashkil etadi, bu yil oxirigacha 20 ming qirg‘iz so‘miga (taxminan 3 mln so‘m) ko‘tariladi.

Shuningdek, davlat rahbari mablag‘ davlat byudjetidan ajratilmasligini ta’kidlagan.

“Biz dunyoviy davlat sifatida dinga, diniy yetakchilar esa siyosatga aralashmaydi. Bu borada respublika byudjetidan mablag‘ ajrata olmaymiz. Byudjetning o‘rniga masjidlar faoliyatini va imom-xatiblarning maoshlarini moliyalashtirish uchun avval hisoblanmagan manbalardan foydalaniladi”, degan Japarov.

Qolaversa, Prezident imom-xatiblarning inson tug‘ilganidan o‘limgacha bo‘lgan davrda jamiyat hayotidagi ahamiyatiga to‘xtalib, ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidlagan.

Prezident o‘z nutqi davomida QR-kod orqali xayriyalarni qabul qilish imkoniyati tez orada amalga oshirilishini ham aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Jogorku Keneshi yig‘ilishida deputatlar “Diniy e’tiqod erkinligi va diniy birlashmalar to‘g‘risida”gi va “Diniy sohadagi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini birinchi o‘qishda ma’qullagandi. Qonun loyihasi diniy ob’ektlarni hisobga olishni huquqiy tartibga solish, diniy xayriya jamg‘armalarini hisobga olish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) hamda diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari tushunchasini joriy etishga qaratilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston imom

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing