Qirg‘iziston Rossiya bilan havo hujumidan yagona mudofaa tizimiga ega bo‘lmoqchi

Olam

image

Bugun, 11 oktyabr kuni Qirg‘iziston parlamenti deputatlari Rossiya Federatsiyasi bilan havo hujumidan yagona mudofaa tizimini yaratish bo‘yicha kelishuvni ratifikatsiya qildi. Bu haqda Qirg‘iziston oliy qonun chiqaruvchi organi matbuot xizmati xabar berdi. 

“Parlament a’zolari mazkur qonun loyihasini birdaniga uchta o‘qishda ma’qulladi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida. 

Qirg‘iziston parlamentida “Qirg‘iziston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida havo hujumidan mudofaa mintaqaviy qo‘shma tizimini yaratish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi haqida ma’lumotni respublika mudofaa vaziri o‘rinbosari Almazbek Karasartov taqdim etgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjat asosida Rossiya va Qirg‘izistonning yagona mintaqaviy havo hujumidan mudofaa tizimi yaratilmoqda. Rossiyaning Kant shahridagi aviabazasi yaqinida (Chuy viloyati) kelishuv amal qilish muddatiga Qirg‘iziston tomoni 5 gektar maydonli yer uchastkasini beradi. 

Qirg‘iziston va Rossiya 2022 yil 16 avgustda birgalikda havo hujumidan mudofaa tizimini yaratishga qaror qildi. Qirg‘iziston parlamenti tomonidan ma’qullangandan keyin hujjat Qirg‘iziston Prezidenti tomonidan imzolanishi kerak. 

2003 yilda ochilgan Kantdagi aviabaza Rossiyaning Qirg‘izistondagi birlashgan harbiy bazasi tarkibiga kiradi. Shuningdek, u Issiqko‘lda dengiz flotining suv osti kemalariga qarshi qurollarini sinovdan o‘tkazish bazasini, Chuy viloyatidagi dengiz flotining aloqa markazini va Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi seysmik xizmatining Jalolobod viloyatidagi radioseysmik laboratoriyasini o‘z ichiga oladi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 12-13 oktyabr kunlari Bishkekda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan MDH davlat rahbarlari sammitida qatnashishini tasdiqlagan. 

Rasmiy Bishkek Putinning tashrifini 12 oktyabr kuni kutmoqda. Kreml tashrif sanasini belgilagani yo‘q. Japarov Hukumati esa Putinga Kant shahrida (Chuy viloyati) Rossiya aviabazasi ochilganining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ishtirok etishni taklif qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Qirg'iziston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing