Qirg‘iziston Prezidenti kortejining avariyasida halok bo‘lgan mansabdor kimligi ochiqlandi

Olam

image

Avvalroq, joriy yilning 4 iyun kuni Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida Prezident Sadir Japarovga hamrohlik qilgan avtomobil avtohalokatga uchragani haqida xabar berilgandi. Avtohalokatda vafot etgan shaxs Prezidentning shifokori Ilgiz Usubaliyev bo‘lib chiqdi. Bu haqda “24.kg” axborot agentligiga mamlakat Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vaziri Alimqodir Beyshenaliyev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ilgiz Usubaliyev 37 yoshda edi. Uning rafiqasi va uch nafar farzandi bor. Ilgari u Bishkek Travmatologiya, Ortopediya ilmiy-tadqiqot markazida ortopedik travmatolog bo‘lib ishlagan. Keyinchalik Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining to‘qqizinchi bo‘limiga ishga o‘tgan, uning oxirgi lavozimi Sadir Japarovning davolovchi shifokori bo‘ldi.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi dafn marosimini tashkil etishda har tomonlama yordam ko‘rsatdi. Oila harbiy xizmatchining vafotidan keyin talab qilinadigan barcha imtiyozlarni oladi”, deya qo‘shimcha qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari.

Ma’lumot uchun, yo‘l-transport hodisasi vaqtida Prezidentning o‘zi boshqa avtomobilda bo‘lgan va jarohat olmagan. Hodisa Ananevo qishlog‘i yaqinidagi yo‘lning bir qismida sodir bo‘lgan. Qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketgan yo‘lovchi avtomobili Prezident kortejidagi avtomobilga kelib urilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Japarov

Baholaganlar

787

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing