Qirg‘iziston Prezidenti “Barselona” vakillari bilan uchrashdi
Sport
−
29 avgust 2023
6814Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Jalolobodda “Barselona” futbol akademiyasini ochish uchun Qirg‘izistonga tashrif buyurgan Joan Laporta boshchiligidagi “Barselona” futbol klubi vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Japarov “Barselona” klubi futbolchilari o‘z mahorati bilan ko‘pgina cho‘qqilarni zabt etganini aytib, klub afsonalarining mamlakatga tashrifi qirg‘izistonlik muxlislarga jozibali futbol haroratini ulashishini ma’lum qildi.
Japarov kataloniyaliklar safida Ronaldino, Messi, Puyol, Xavi, Inesta va Neymar kabi taniqli futbolchilar o‘ynagan davrdagi progressiv rivojlanishni alohida aytib o‘tdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda “Barselona” akademiyasining ochilishi milliy terma jamoaning professional darajada kuchayishi uchun imkoniyatlar yaratadi, shuningdek, respublikaning turizm, sport, investitsiya va boshqa sohalarini rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Laporta, o‘z navbatida, Qirg‘izistondagi yangi «Barselona» futbol akademiyasi sportchilarning individual mahoratiga e’tibor qaratishini aytib, ularning salohiyatini maksimal darajada oshirishga yordam berishini bildirdi.
Bugun, 29 avgust kuni Jalolobodda “Barselona” futbol akademiyasi ochiladi. 30 avgust kuni Dolon Umurzoqov nomidagi stadionda “Barselona” afsonalari va “Markaziy Osiyo” yulduzlari o‘rtasida o‘yin bo‘lib o‘tadi.
Bahsda Kataloniya klubi yulduzlari Juliano Belletti, Lodovik Giuli, Ronald de Bur, Serxi Barxuan, Jovani da Silva, Xuan Karlos Rodriges va Xuan Antonio Goykoechea kabi sobiq futbolchilar ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 30 avgust kunidagi bahsda Ronaldinoning ishtirok etishi so‘roq ostida qolgani xabar qilingandi. Afsonaviy futbolchi firibgarlik ishi bo‘yicha sud majlisiga kelmagani uchun zudlik bilan Braziliyaga borishi kerak.