Qirg‘iziston Isroilni xalqaro huquqqa rioya etishga chaqirdi
Olam
−
07 noyabr
2160Qirg‘iziston Isroilni Yaqin Sharq masalasida xalqaro gumanitar huquq tamoyillari va normalariga rioya qilishga chaqirdi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Sadir Japarov kecha, 6 noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 11-yig‘ilishida so‘z ochdi.
U Qirg‘iziston Falastin-Isroil mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi va BMT rezolyutsiyalariga muvofiq “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyiliga sodiqligini aytgan.
“Biz Isroilni xalqaro gumanitar huquq tamoyillari va normalariga, jumladan, tinch aholi va infratuzilmani himoya qilish majburiyatlariga rioya qilishga, gumanitar yordamdan to‘sqinliksiz foydalanishni ta’minlashga chaqiramiz”, degan Japarov.
Qirg‘iziston rahbari, shuningdek, rasmiy Bishkek Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash, mustaqil davlat barpo etish va BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lish huquqini tan olishi va qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.
“Falastinda har kuni ayollar va bolalarning halok bo‘lishi, tinch aholining og‘ir jismoniy hamda ma’naviy azob-uqubatlarga duchor etilishi mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holdir”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, TDT sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Isroilning UNRWA faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarni qoralagandi. O‘zbekiston yetakchisining aytishicha, mazkur ko‘p yillik nizoning yagona yechimi – xalqaro me’yoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq, 1967 yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tuzishdir. Shuningdek, u keyingi hafta Ar-Riyod shahrida o‘tadigan arab-musulmon davlatlari sammitida bu muammoga aniq siyosiy yechim topilishiga umid bildirdi.
LiveBarchasi