Qirg‘iziston energetika sohasida favqulodda holat yo‘q – Japarov 

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakatda energetika sohasida favqulodda holat joriy etilishiga izoh berdi. Bu haqda u “Kabar” axborot agentligiga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Japarovga ko‘ra, Qirg‘izistonda energetika sohasida favqulodda holat yo‘q. Prezidentning favqudda holat e’lon qilish haqidagi qarori esa mamlakat Energetika vaziriga ko‘proq vakolat berish uchun qabul qilingan.

“Keling, oddiy so‘zlar bilan maqsad nimaligini tushuntirib beraman. Ushbu farmon bilan biz Energetika vazirining vakolatlarini 2026 yilgacha kengaytirmoqdamiz. U energiya ishlab chiqarish bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtiradi, mahalliy hokimliklar va vazirlikning hududiy boshqarmalari boshliqlarining o‘rinbosarlariga topshiriqlar berish huquqiga ega bo‘ladi. Shunday qilib, u mamlakat energetika sohasidagi vaziyatni nazorat qila oladi va kerak bo‘lsa, zudlik bilan muhim qarorlar qabul qiladi”, deydi Qirg‘iziston rahbari.

Japarovning aytishicha, ko‘rilgan chora-tadbirlar energetika sohasidagi muammoli masalalarni tezkorlik bilan hal qilishga qaratilgan.

"2026 yilgacha rejaga ko‘ra, Qirg‘izistonda bir qator kichik GESlar qurilishi tugallanishi kerak, buning hisobiga respublikada elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ortadi. Lekin bu loyihalarni amalga oshirish uchun Energetika vaziriga tegishli vakolat berilishi kerak. To‘g‘risi, biz energetika sohasida uzoq vaqtdan beri favqulodda vaziyatni boshdan kechirmoqdamiz, chunki biz uni yillar davomida import qilib kelganmiz. Asta-sekinlik bilan importdan voz kechishimiz, uning hajmini har yili kamaytirib borishimiz kerak", deydi Japarov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 iyul kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning qarori bilan mamlakatda elektr energiyasi taqchilligi sababli uch yil muddatga energetika sohasida favqulodda holat joriy etilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

energetika Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing