Qirg‘iziston dronlari Tojikiston havo hududiga kirgani aytilmoqda? Ular “Bayraktar”mi?

Olam

image

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘izistonning uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan respublika havo hududini buzishidan xavotir bildirdi. Bu haqda bugun, 22 sentyabr kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan bayonotda aytilgan. 

Shunday qilib, 21 sentyabr kuni soat 19:14 dan 22: 6 gacha Qirg‘iziston uchuvchisiz havo vositalari Tojikiston Respublikasining Isfara, Konibodom, Devashtich, Jabbor Rasulov, Bobojon G‘affurov, Laxsh, Rasht va Murg‘ob tumanlari shaharlari uzra parvozi kuzatilgan. Shunindek, Tojikistonning “Rosrovut”, “Muryak” va “Nurobod” chegara postlarida ham Qirg‘iziston PUAlari kuzatilgan.

Tashqi ishlar vazirligi bu faktlarni erishilgan kelishuvlarning buzilishi sifatida baholagan. 

“Tojikiston tomoni Qirg‘iziston tomonidan Tojikiston Respublikasi havo hududini buzishni zudlik bilan to‘xtatishni talab qiladi. Aks holda, Tojikiston tomoni bu vaziyatni Qirg‘izistonning navbatdagi tajovuziga tayyorgarlik sifatida baholaydi, buning uchun javobgarlik Qirg‘iziston tomonida bo‘ladi”, deyiladi TIV bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 sentyabr kuni Qirg‘iziston Tojikiston aholi punktlariga hujumkor dronlar bilan zarba berganini ma’lum qildi.

Qayd etish kerakki, Tojikistonga zarba berish uchun foydalanilayotgan dronlar Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz uchoqlari bo‘lishi mumkin. Negaki joriy yilning 13 sentyabr kuni Qirg‘izistonda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmatining birinchi uchuvchisiz uchish apparatlari bazasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgandi. Bazadan aynan “Bayraktar” uchuvchisiz uchoqlari boshqarilishi aytilgandi.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida mojaro

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaradagi vaziyat 14 sentyabr kuni Botken viloyatidagi uchta uchastkada chegarachilar o‘rtasida otishma boshlanganidan keyin keskinlashdi. Tomonlar bir necha bor o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olganiga qaramay, kelishuvlar har safar muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Qirg‘iziston rasmiylari Tojikistonni chegaraga og‘ir harbiy texnikani tortib kelishda va Qirg‘iziston hududini o‘qqa tutishda “barcha mavjud arsenaldan” foydalanganlikda aybladi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi to‘qnashuv zonasidan 136 ming kishi evakuatsiya qilingani, Botken viloyatida favqulodda holat rejimi joriy etilganini haqida ma’lum qildi. 

Ayni paytda Tojikiston qirg‘iz kuchlarini Tojikiston chegarasidagi qator aholi punktlarini “og‘ir qurollardan” o‘qqa tutishda aybladi. Hozirda ikki davlat o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlarni chegara hududidan olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga amal qilmoqda.

Ikki davlat chegarasida 70 ga yaqin bahsli uchastkada belgi qo‘yilmagani sababli muntazam ravishda mojarolar chiqib turadi. Umuman olganda, 2022 yil iyul oyi holatiga ko‘ra, mamlakat chegaralarining 972 kilometridan 600 kilometrga yaqini kelishilgan.

Tojikiston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuv vaqtida respublikaning 40 dan ortiq aholisi halok bo‘lgan. Bishkekda Qirg‘izistonning 59 fuqarosi halok bo‘lgani xabar qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston-Qirg'iziston Bayraktar

Baholaganlar

52

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing