Qirg‘iziston bilan chegaradagi otishmalarda Tojikistondan qancha odam halok bo‘lgani ochiqlandi

Olam

image

Tojik-qirg‘iz chegarasida yuz bergan mojaroda 60 dan ortiq Tojikiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda Tojikiston Demokratik partiyasi yetakchisi, parlament quyi palatasi deputati Sayjafar Usmonzoda o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

“Qirg‘iz tomonining hujumlari Tojikiston chegarasidan 300 kilometr uzoqlikdagi olti tumanda davom etdi. Bu hujumlar natijasida Tojikistonning 60 dan ortiq aholisi halok bo‘ldi, yuzlab odamlar yaralandi”, deydi u.

Usmonzoda mamlakat hukumatiga “shahidlar ruhini hurmat qilish uchun” 20 sentyabrni Milliy motam kuni deb e’lon qilishni taklif qildi.

Tojikiston Demokratik partiyasi 1990 yilda ro‘yxatga olingan bo‘lib, Tojikistonning yaqin tarixidagi birinchi muqobil partiyadir. Bu Tojikiston parlamentida vakillik qiluvchi oltita siyosiy partiyadan biridir.

Avvalroq Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi chegaradagi mojaro chog‘ida 38 ga yaqin mamlakat aholisi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

Tojikiston va Qirg‘iziston chegarachilari o‘rtasida janglar 14 sentyabr kuni boshlandi va ikki davlat o‘rtasidagi umumiy chegaraning butun perimetri bo‘ylab olib borildi. 16 sentyabr kuni Tojikiston va Qirg‘iziston rahbarlari Imomali Rahmon va Sadir Japarov Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida o‘t ochishni to‘xtatish va mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etish bo‘yicha kelishib oldi. Biroq, o‘sha kuni kechqurun harbiy harakatlar yana boshlandi va 17 sentyabr kuni umumiy chegaraning alohida uchastkalarida davom etdi.

Umumiy hisobda Bishkek va Dushanbe uch marta o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi. Ammo sulhlar uzoq yashamadi.

Tojikiston tomoniga ko‘ra, Qirg‘iziston chegaradagi tojik aholi punktlariga drondan hujum uyushtirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

qirg'iz-tojik chegarasi

Baholaganlar

367

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing