Qirg‘izistonda ham kartoshka qimmatlab ketdi
Olam
−
05 fevral
4755Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda kartoshka narxi bir kilogramm uchun 60-65 qirg‘iz somigacha (salkam 9-10 ming o‘zbek so‘miga yaqin) ko‘tarildi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, deputat Eldar Abakirov Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vazirligidan yerga ishlov berish mavsumi va kelgusi yil uchun rejalar haqida ma’lumot berishni so‘ragan.
“Bizda kartoshka katta hududlarda – Issiqko‘l viloyati, Oloy, Chon-Oloy, Qo‘chqorda yetishtiriladi. Fermerlar uchun xursandmiz, lekin aholi uchun 65 som qimmat. Bir qop un 1 ming 700 som bo‘lsa, bir qop kartoshka 2,5-3 ming som”, deydi deputat.
Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vazirligi kartoshka eksportiga vaqtinchalik cheklov joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxining spekulyatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslik va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi.
Vazir Bakit Toroboyev mamlakatdagi oziq-ovqat narxlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat idoralari, Prezidentning viloyatlardagi o‘rinbosarlari va mahalliy hokimiyat organlariga oziq-ovqat mahsulotlari narxini diqqat bilan kuzatish bo‘yicha topshiriq bergan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekistonda kartoshkaning narxi 12 ming so‘mga yetgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Toshkent shahridagi bozorlarda kartoshka 7,5 ming so‘mdan 10 ming so‘mgacha ekanini, shuningdek, barcha hududlardagi arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida kartoshka 5-6 ming so‘m narxida sotilayotganini ma’lum qildi. Vazirlik fevral-mart oylarida narxlar barqarorlashishi, aprel-may oylarida esa pasayishi kutilayotganini bildirdi.
LiveBarchasi