Qozog‘iston uchinchi davlatlarga kartoshka eksportini taqiqladi
Olam
−
29 yanvar
117102025 yil 28 yanvardan boshlab Qozog‘iston hududidan uchinchi davlatlarga kartoshka olib chiqishga taqiq joriy etildi. Bu haqda Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, qo‘shni davlatlar tomonidan Qozog‘iston kartoshkasiga yuqori talab saqlanib qolmoqda. 2024 yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatdan 605 ming tonna kartoshka eksport qilingan bo‘lib, bu 2023 yildagi hajm (411 ming tonna) bilan solishtirganda 1,5 baravar ko‘p.
“Bu ko‘rsatkich so‘nggi 10 yil ichida rekord darajaga yetdi va ichki narxlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi”, deya izoh berilgan vazirlik bayonotida.
Ichki bozordagi vaziyatni barqarorlashtirish va narxlarning keskin o‘sishining oldini olish maqsadida Tashqi savdo siyosati va xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda ishtirok etish bo‘yicha idoralararo komissiya Qozog‘istondan barcha turdagi transport vositalari orqali kartoshka olib chiqishni cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Cheklov Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) davlatlariga tatbiq etilmaydi, ya’ni ushbu mamlakatlarga eksport davom etadi. Qaror 2025 yil 18 yanvar kuni qabul qilingan bo‘lib, uni Qishloq xo‘jaligi vaziri 27 yanvar kuni imzolagan. Cheklovlar olti oy davomida amal qiladi.
“Bu choralar kartoshka narxining sun’iy oshib ketishiga va bozordagi spekulyativ harakatlarning oldini olishga yordam beradi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston YeOIIga a’zo davlat hisoblanmaydi. Biroq 2020 yil 11 dekabrdan kuzatuvchi maqomga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2025 yil yanvar oyi boshidan bugungi kungacha kartoshkaning ulgurji narxlari 6 200 so‘mdan 7 000 so‘mgacha yoki 12,9 foizga ko‘tarilgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi