Qirg‘iziston ham Qorabog‘da maktab quradi

Olam

image

Qirg‘iziston tashabbusi bilan Qorabog‘ tizmasining etagida joylashgan Ag‘dam shahrida o‘rta ta’lim maktabi quriladi. Bu haqda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev bugun, 9 aprel kuni Bishkekda ozarbayjonlik mavqedoshi Jayhun Bayramov bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi.

Uchrashuv davomida Qirg‘izistonning tinchlik va qurilish jarayonini qo‘llab-quvvatlayotgani tahsinga loyiq ekani, Qirg‘iziston tashabbusi bilan Ag‘damning Xidirli qishlog‘ida quriladigan o‘rta maktab ham bunday qo‘llab-quvvatlashning yorqin namunasi ekani alohida ta’kidlangan.

Ta’kidlash joizki, 2021 yilning aprel oyida O‘zbekiston ishg‘oldan ozod etilgan Qorabog‘da Ozarbayjonga tuhfa sifatida maktab qurishi haqida xabar bergan edik. Oradan ikki yil o‘tib, 23 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev Qorabog‘dagi Mirzo Ulug‘bek maktabini ochib berdi.

Joriy yilning 12 mart kuni esa Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Ozarbayjon Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Qorabog‘dagi Fuzuliy shahriga borib, qozoq xalqi nomidan bunyod etilgan qozoq bastakori Kurmanqazi nomidagi Bolalar ijodiyoti markazining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning Ozarbayjonga rasmiy tashrif bilan borishi haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

maktab Qirg'iziston Qorabog' Jayhun Bayramov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing