Qirg‘iziston ham guruch va bug‘doy eksportini taqiqladi
Olam
−
09 avgust 2023
4180Qirg‘iziston ham ayrim turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini taqiqladi. Bu haqda “Tazabek” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakat Qishloq xo‘jaligi vazirligi Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ayrim turlarini Qirg‘iziston Respublikasidan olib chiqish (eksport)ni vaqtinchalik taqiqlash to‘g‘risida”gi qarorini ishlab chiqqan.
Ushbu qaror bilan Qirg‘iziston ichki iste’mol bozorida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida 2023 yilning oxiriga qadar ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksportini taqiqlash ko‘zda tutilgan. Jumladan, bunday mahsulotlar turkumiga yem-xashak (pichan, somon, aralash ozuqa, kepak va yem mahsulotlari), arpa, bug‘doy, guruch va jo‘xori kiradi.
“Qishning yog‘ingarchiliksiz o‘tishi va bahorning kech kelishi bahorgi dala ishlarining ayrim texnologik jarayonlarini buzdi. Havoning haddan tashqari issiq bo‘lishi va yog‘ingarchilikning kamligi tufayli yem-xashak ekinlari hosildorligi pasayib ketdi. Tuman qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘limlaridan olingan tezkor ma’lumotlar tahlil qilinganda, bu yilda o‘tgan yilga nisbatan ozuqaviy ekinlar hosili kam bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga, shuningdek, chorva uchun ozuqa xarid qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, deya qarorga izoh beradi Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi.
Mutaxassislarining fikricha, ushbu taqiq mamlakat fermer xo‘jaliklari faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, defitsitni kamaytiradi va ichki bozorda pichan va boshqa yem-xashak ekinlari narxi oshishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya zaytun yog‘i, Hindiston va Rossiya esa guruch eksportini taqiqlagan edi. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi esa mamlakatda guruch tanqisligi kuzatilishi mumkinligi haqidagi xabarlarga raddiya berdi.
LiveBarchasi