O‘zbekistonliklar guruch tanqisligiga uchrashi mumkinmi? Vazirlik izoh berdi
Jamiyat
−
25 iyul 2023
15952Avvalroq Hindiston O‘zbekiston va boshqa davlatlarga guruch eksportini taqiqlagani haqida xabar bergan edik. Ijtimoiy tarmoqlarda eksportning to‘xtatilishi mamlakatda guruch defitsitiga olib kelishi va ushbu mahsulot narxi qimmatlashishi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunga munosabat bildirdi.
Vazirlik taqdim etgan statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili 100 ming gektardan ortiq maydonda sholi yetishtiriladi. Respublika aholisining guruchga nisbatan bir yillik ehtiyoji esa kishi boshiga 9,8 kilogrammga to‘g‘ri keladi. Ya’ni mamlakat aholisini bir yil davomida guruch bilan to‘liq ta’minlash uchun 353 ming tonna sholi zaxirasi kerak bo‘ladi.
O‘zbekiston hududida 2022 yilda 105,8 ming gektar maydonga 516,9 ming tonna sholi ekilib, undan 310 ming tonna sof hosil olingan. Ya’ni, o‘tgan yili ehtiyojga nisbatan 43 ming tonna kam guruch yetishtirilgan (2021 yilga nisbatan esa 48 ming tonnaga ko‘proq).
Tahlillarga ko‘ra, 2022 yilda respublikaga xorij mamlakatlaridan 8 ming tonna guruch olib kelingan bo‘lsa, 2023 yilda 53,5 ming tonna mahsulot import qilingan. Bunda 2023 yilda ichki ehtiyojga nisbatan 10 ming tonna ko‘proq guruch keltirilgan.
Import guruchning eng katta qismi Qozog‘istondan sotib olingan – 29,3 ming tonna yoki 54,7 foiz. Shuningdek, Pokistondan 23,2 ming tonna (43,3 foiz), Tailanddan 599 tonna (1,1 foiz), Turkiyadan 256 tonna (0,5 foiz), Hindistondan 126 tonna (0,2 foiz) va boshqa mamlakatlardan 21,1 tonna (0,02 foiz) import qilingan.
Vazirlikka ko‘ra, Hindistonning boshqa davlatlarga guruch eksportini taqiqlashi O‘zbekiston bozoriga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Ma’lumot uchun, Hindiston guruch eksporti bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Jahon umumiy eksportining 36,8 foiz ulushi uning hissasiga to‘g‘ri keladi. Hindiston guruchining asosiy importchilari Afrika davlatlari (7,1 million tonna), Xitoy (2,1 million tonna), Eron (1,2 million tonna), Saudiya Arabistoni (1 million tonna) va boshqa davlatlardir.
Jahon bozorida 2023 yilning iyun oyi holatiga ko‘ra, guruchning o‘rtacha narxi 1,93 AQSH dollarini (22 364 so‘m), eng pasti 0,52 AQSH dollarini (6 025 so‘m) (Tunis), maksimal narxi esa 4,84 AQSH dollarini (56 086 so‘m) (Serbiya) tashkil etadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston bozorlarida 1 kilogramm guruchning narxi naviga qarab 11 500 so‘mdan 25 000 so‘mgacha sotilmoqda (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan narx 35,2 foizga oshgan).
Jumladan, “Avangard” guruch navi 11 500 – 17 500 so‘m , “Alanga” navi 16 000 – 18 500 so‘m, “Lazer” navi 19 500 – 25 000 so‘mgacha sotilmoqda.
Shuningdek, kuzatuv natijalariga ko‘ra, Nukus shahridagi “Nukus dehqon bozori” va Guliston shahridagi “Guliston dehqon bozori” (“Nukus-2” va boshqa mahalliy sholi navlari)da guruchning eng past narxi 11500 so‘m miqdorida qayd etilgan. Maksimal narx esa Toshkent shahrining “Farhod dehqon bozori”da kuzatilib, unda 25 000 so‘mdan (“Lazer” navli guruch) sotilgan. Shu bilan birga, ushbu bozorda guruchning minimal narxi 13 000 so‘mni tashkil qilgan.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistondagi barcha bozorlar guruch bilan uzluksiz ta’minlangan, zaxiralar yetarli miqdorda.
“Aholini turli ijtimoiy tarmoqlarda guruch narxining oshib ketishi asossiz targ‘ib qilinishidan ogoh bo‘lishga, bu faqatgina spekulyativ holat yoki guruch narxini asossiz oshirishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirishga turtki bo‘layotganini ma’lum qilamiz”, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabarida.
LiveBarchasi