O‘zbekistonda ommaviy tartibsizliklar tashkil qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda (video)

Jamiyat

image

Bugun, 11 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Jinoyat kodeksining 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar)ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonun loyihasini ma’qulladi. 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bugun, 11 dekabr kuni Jinoyat kodeksining 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar)ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga doir qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ushbu o‘zgarishlar haqida umumiy ma’lumot berib o‘tgan. Majlisda so‘zga chiqqan Ortiqova bu qonun bo‘yicha aniq javobgarlik belgilanmagani, uni mukammallashtirish kerakligini ta’kidlagan.

“Ommaviy tartibsizliklarni sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik, qurol-yaroq yoki portlovchi moddalar tayyorlaganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudmi?” deya savol bergan u.

Qolaversa, Ortiqova ommaviy tartibsizliklarni moliyalashtirish ham jinoyat deb baholanishi kerakligini ta’kidlagan.

“Bu harakat uchun jinoiy javobgarlik joriy etish zarur. Shunga muvofiq, Jinoyat kodeksining 244-moddasiga 3 va 4-qismlarni qo‘shish taklif etilyapti”, degan u.

Uning aytishicha, qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlar jazolash uchun emas, balki sodir etilishining oldini olishga qaratilgan. Ortiqovaning ta’kidlashicha, ommaviy tartibsizliklar jamiyat hayotiga jiddiy xavf soladi. Shunga ko‘ra har qanday shakldagi tayyorgarlik yoki ishtirok javobgarlikka tortiladi.

Ma’lum qilinishicha, kodeksga kiritiladigan o‘zgartishlar davlat byudjetiga qo‘shimcha xarajat talab etmaydi. Loyiha Oliy sud, DXX, Iqtisodiyot va moliya, IIV va Adliya vazirliklari bilan kelishilgan.

Jinoyat kodeksining amaldagi 244-moddasida ommaviy tartibsizliklarga da’vat qilish, qurol qo‘llab hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish va shu kabi boshqa huquqbuzarliklar uchun 300 BHM miqdorida jarimadan 15 yil ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazolar nazarda tutilgan.

Deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston javobgarlik tartibsizlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing