Kilometrlarga cho‘zilgan gaz dardi
Jamiyat
−
10 dekabr
6698O‘zbekistonga qish kelganini havo harorati pasayganidan yoki qor yoqqanidan emas, balki yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi turnaqator navbatlardan bilish mumkin. Har yili shu ahvol, aslida. Xo‘sh, haydovchilar bir kunda necha soat vaqtlarini yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi navbatlarda o‘tkazmoqda?
Haydovchilar orasida o‘tkazilgan so‘rovnomada ular yana o‘tgan yildagi holatlar takrorlanayotganini, qish fasli kelishi bilan metan gazini topish eng mushkul ish bo‘lib qolishini, bir martalik yoqilg‘i quyish uchun besh-olti soatlab navbat kutishlari haqida gapirdi:
“Ertalab sakkizda kelganman, mana soat o‘n ikkidan oshdi. To‘rt soatdan beri o‘tiribmiz, lekin hali ham yetib borganimiz yo‘q. Qachon gaz berish yoki bermasligi haqida ham aytishmaydi”, deydi haydovchilardan biri.
Shuningdek, haydovchilar yillar davomida hech bartaraf etilmayotgan muammodan qattiq charchagani va bu ahvol qachongacha davom etishi mumkinligini bilishmasligini ta’kidladi:
“Soat sakkizdan beri turibman, bu ahvol qachongacha davom etadi, xalq tamom bo‘ldi. Xalq ezilib, adoyi tamom bo‘ldi. Mana shu ahvol, tirikchilik qilish kerak, bolalarni boqish kerak. O‘tgan yili ham xuddi shu ahvol edi”.
Bundan tashqari, haydovchilar orasida tunni mashinada navbat kutib o‘tkazganlari ham bor:
“Ertalab sahar soat to‘rtdan beri mana sovuq o‘tmasin deb qalin kiyimlar kiyib o‘tiribman. Uch kundan buyon shu ahvol, kecha ham tuni bilan shunday yotdim mashinada, boshqa iloj yo‘q”.
Ma’lumot uchun, kecha, 9 dekabr kuni Energetika vazirligi avtomobillarga gaz quyish shahobchalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritilayotganini ma’lum qildi. Cheklovlar ortidan, mamlakat bo‘ylab nafaqat gaz, balki benzin uchun ham navbatlar kuzatila boshlagan.
Gulira’no Jo‘raqulova
LiveBarchasi