Turkiya zaytun yog‘i eksportini to‘xtatdi 

Olam

image

Turkiya zaytun yog‘i narxlarning global miqyosda o‘sishi, shuningdek, Ispaniya va Italiya Turkiyadan sotib olingan zaytun moyini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgani sabab ushbu mahsulotning eksportini joriy yilning 1 noyabriga qadar to‘xtatdi. Bu haqda Turkiya Savdo vazirligiga tayanib RIA Novosti xabar berdi

Qayd etilishicha, Turkiyaning o‘zida zaytun moyi narxi 102 foizga ko‘tarilgan. Turkiya Savdo vazirligining Xalqaro Zaytun Kengashi (IUS) ma’lumotlariga tayanib ma’lum qilishicha, Yevropadagi qurg‘oqchilik tufayli dunyo bo‘yicha zaytun moyi ishlab chiqarish hajmi 20 foizga qisqargan. Ishlab chiqarish qisqarishining eng katta ulushi Ispaniya va Italiyada qayd etilgan bo‘lib, Turkiyada bu ko‘rsatkich 62 foizgacha yetgan. 

Ta’kidlanishicha, 2022-yilning noyabridan 2023-yilning iyuligacha Turkiya zaytun moyi eksporti 240 foizga oshib, 136,5 ming tonnaga yetgan. Buning natijasida Turkiyada moy narxi 102 foizga oshgan.

Savdo vazirligiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining yuqori bojxona to‘lovlari sabab Turkiya unga a’zo mamlakatlarga juda kam miqdorda moy yetkazib bera oladi. 

“Noyabrdan iyulgacha Ispaniyaga bochkalarda moy eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 baravarga, Italiyaga esa 44 barobarga oshdi”, deyiladi xabarda. 

Turkiya tomonidan zaytun moyi eksportiga qo‘yilgan cheklov mamlakatda yangi hosil yig‘ib olinguncha narxlarning ko‘tarilib ketmasligiga yordam beradi. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2022 yilda qariyb 1,7 million dollarlik 546,5 ming tonna zaytun moyini import qilgan bo‘lib, Turkiya Ispaniyadan so‘ng ushbu mahsulotning asosiy yetkazib beruvchisi hisoblanadi. O‘zbekiston aholisi paxta va o‘simlik yog‘larini zaytun moyidan ko‘ra ko‘proq iste’mol qiladi. Hozirda mahalliy ishlab chiqaruvchilar mamlakat aholisining yog‘ga nisbatan ehtiyojining 55 foizini ta’minlasa, qolgan 45 foizi import hisobiga qoplanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston va Rossiya guruch eksportini taqiqlagandi. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi esa mamlakatda guruch tanqisligi kuzatilishi mumkinligi haqidagi xabarlarga raddiya berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya eksport zaytun yog'i

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing