Qirg‘iz-tojik mojarosi: Japarov asosiy ikkita vazifani belgiladi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov aholiing xavfsizligini va mamlakat yaxlitligini saqlab qolish choralarini ko‘rishni buyurdi. Bu haqda Xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imonqulov ma’lum qildi.

Japarov Xavfsizlik kengashida chegaradagi vaziyat bo‘yicha hisobotni tinglab, mamlakat yaxlitligini ta’minlashga ko‘rsatma bergan va vaziyatni nazoratga olgan.

“Tojikiston tomonidan o‘qqa tutilishi natijasida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar bor, ular haqida ma’lumotlar aniqlanmoqda. Bugun (kecha, 16 sentbyar) men tojikistonlik hamkasbim bilan bog‘lanib, muzokaralar o‘tkazish va qo‘shinlarni olib chiqishga chaqirdim. Uning aytishicha, ular shunday buyruq bergan, ammo chegaradagi Tojikiston qo‘shinlari baribir eshitmagan, aksincha, o‘q uzishni kuchaytirgan”, deydi u.

Imonqulovning qo‘shimcha qilishicha, fuqarolarni evakuatsiya qilishga majbur bo‘lishgan, chunki ikki davlat maxsus xizmatlari rahbarlari o‘rtasida soat 16:00 dan boshlab o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuv Tojikiston tomonidan buzilgan.

Xavfsizlik kengashi kotibi fuqarolarni provokatsion xabarlarga berilmaslikka va rasmiylardan rasmiy ma’lumot olishga chaqirgan. U, shuningdek, vahima qilmaslik va insonparvarlik yordamini yig‘ishda yordam berishni so‘ragan.

Tojikiston tomoni esa otishmalar bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarni kamdan kam e’lon qilyapti. Rasmiy Dushanbega ko‘ra, Qirg‘iziston chegaradagi tojik aholi punktlariga drondan hujum uyushtirmoqda.

Ma’lumot uchun, ikki davlat chegarasida vaziyat 14 sentyabr kuni keskinlashdi. Qirg‘iziston tomonining ma’lum qilishicha, tojik chegarachilari shu kuni Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken tumanining Buloq-Bashi hududidagi chegara hududiga kirib, “jangovar pozitsiyalarini egallagan”. Qirg‘iziston harbiylarining hududni tark etish talabiga javoban Tojikiston chegarachilari o‘t ochgan, shundan so‘ng otishma boshlangan. Oradan bir necha soat o‘tib, Botken viloyatining Kak-Say va Paski-Ariq tumanlarida ham qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Kechqurun otishmalar to‘xtagan, qirg‘iz tomoni ikki nafar harbiy xizmatchi va uch nafar tinch aholi vakillari yaralangani haqida xabar bergan.

Tojikiston tomoni ham o‘z navbatida chegaradagi keskinlikda Qirg‘izistonni ayblab, qirg‘iz harbiylari avval erishilgan sulhni buzganini aytmoqda. Umumiy hisobda 14 sentyabrdan beri tomonlar uch marta o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi. Ammo kelishuvlar uzoq yashamadi.

16 sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan ikki davlat rahbarlari Sadir Japarov va Imomali Rahmon uchrashuv o‘tkazib, chegara masalasida kelishib olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

qirg'iz-tojik chegarasi

Baholaganlar

287

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing