Yadrochi olim Faxrizoda ortidan nega 40 kun aza tutilyapti?

Tahlil

image

Eron ko‘pincha G‘arb davlatlari tomonidan yadroviy qurol ustida ishlayotgan barmoq bilan sanarli mamlakatlardan biri sifatida taxmin qilinadi. Iqtisodiy imkoniyatlar va siyosiy mustaqillikdan tashqari yadro qurolga egalik qilish harakatida ekani haqidagi taxminlarning o‘zi ham Eron ovoziga yanada jarangdorlik qo‘shishi tabiiy.

Eronning olamshumul yangiliklarga qo‘l urgan fizik olimlaridan biri Muhsin Faxrizoda joriy yilning 27 noyabr kuni Tehrondan 50 kilometr sharqda joylashgan Absard shahri bog‘ida o‘ldirildi. Bungacha u Eronning yadroviy ballistik raketa kallagini yaratish va sinovdan o‘tkazish bo‘yicha maxfiy dasturini boshqarib kelgan. 2003 yilda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari va Germaniya bilan harbiy yadroviy tadqiqotlarni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv asosida boshlangan muzokaralardan so‘ng, ushbu dastur rasman yopilgan, deb hisoblanadi.

Muhsin Faxrizoda Eronda 2010 yildan beri o‘ldirilgan beshinchi yadro fizigidir. Yadrochi olim 62 yoshida o‘ldirildi. Uning vafoti munosabati bilan mamlakatda 40 kunlik motam e’lon qilindi

Xo‘sh, Eronda katta siyosiy obro‘ va hurmat egasi sifatida ko‘rilayotgan Muhsin Faxrizoda aslida kim? Nega uning ortidan 40 kun aza tutilyapti? Bunga quyida javob topamiz. 

Muhsin Faxrizoda haqida nimalar ma’lum?

Muhsin Faxrizoda 1958 yilda Eronning Qum shahrida tug‘ilgan. 1979 yildagi inqilobdan keyin u Islom inqilobi soqchilar korpusiga qo‘shiladi. Faxrizoda Islom inqilobi gvardiyasi zobiti va Tehron shahridagi Imom Husayn universitetining fizik professori edi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, Faxrizoda Eron Mudofaa vazirligi va Eron Qurolli Kuchlarining katta ilmiy xodimi, shuningdek, Fizikaviy tadqiqotlar markazining rahbari bo‘lib ishlagan. U ballistik raketalar uchun yadroviy kallak yaratish bo‘yicha “Amad loyihasi” maxfiy dasturini ham boshqargan.

Shuningdek, Muhsin Faxrizoda Eronning COVID-19 ga qarshi kurash dasturining bosh ilmiy koordinatori bo‘lgan. Uning boshchiligida intensiv terapiya sharoitida jihozlangan joylar soni (epidemiya boshlangunga qadar 90 ming), Eron Prezidenti Hasan Ruhoniyning so‘zlariga ko‘ra, 142 mingtaga yetgan. Oylik testlar soni kuniga 40 mingdan 100 ming tagacha o‘sgan va yanvar oyi oxiriga qadar 140 mingtaga yetkazish rejalashtirilgandi. Qolaversa, u vaksinalar ishlab chiqarish milliy dasturi va buning uchun zarur bo‘lgan uskunalar uchun mas’ul shaxs bo‘lgan.

“Loyiha 111”

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Faxrizoda Eron Mudofaa vazirligi va Qurolli Kuchlarining katta ilmiy xodimi hamda Fizikaviy tadqiqotlar markazi rahbari bo‘lib ishlagan davrlari uning faoliyati avj nuqtasiga chiqadi. Xalqaro atom energiyasi agentligi olimdan Fizikaviy tadqiqotlar markazi rahbarlik davrlari to‘g‘risida intervyu berishini so‘ragan. Ammo, Faxrizoda intervyu berishdan bosh tortadi.

G‘arb razvedkasi uni “Loyiha 111” deb nomlangan Eron yadro dasturiga mas’ul ekanini da’vo qiladi. Ular “Loyiha 111”ni Eronda yadro bombasini yaratishga urinish sifatida ko‘rib kelgan. Zero, Faxrizoda Eron Xalqaro atom energiyasi agentligi kuzatuvchilari orqali o‘zining yadro dasturi faqat fuqarolik maqsadlariga qaratilgani va G‘arb razvedka xizmatlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar soxta ekanini muntazam ravishda ta’kidlagan. “The New York Times” gazetasining yozishicha, Faxrizoda AQSH razvedkasi hisobotlarining maxfiy qismlarida keltirilganidek, Eron uchun yadroviy kallak ishlab chiqarishga qaratilgan harakatlar ustida katta ishlar olib borgan. 2007 yilda Fahrizoda Eronning yadro quroli dasturini yurituvchi “Advanced Technology Deploy Expansion Group” (FEDAT) raisi etib tayinlangan.

Tashqi agressiyalardan кuчсиз himoya

Faxrizodaning o‘ldirilishi Eronning tashqi tahdidlardan talab darajasida himoyalana olmasligini ko‘rsatadi. Aslida bu Eron siyosiy elitasi uchun ikkinchi katta yo‘qotish. Shu yilning yanvarida Eron tashqi siyosatining "me’mori", mintaqada katta obro‘ va mavqega ega shaxs Eron Islom inqilobi posbonlari korpusining maxsus "Al-Quds" bo‘linmasi generali Qosim Sulaymoniy Bag‘dod aeroportida AQSHning havo hujumi natijasida o‘ldirilgandi. Bu esa, Tehronning asosiy amaldorlarni muxolifat rejimi tahdidlaridan yetarli darajada himoya qila olmasligini ko‘rsatadi.

Bundan 10 yil oldin ham mamlakatning yadro dasturida ishtirok etgan bir necha eronlik olimlarning o‘ldirilishida asosiy gumondor sifatida ko‘rilayotgan Isroil Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishi to‘g‘risida hanuzgacha izoh bermagan. Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy esa, Isroilni Faxrizodaning qotilligida ayblashda davom etmoqda.

Faxrizoda “yolg‘iz” emas

2010 yildan 2012 yilgacha Eronda yadro quroli bo‘yicha to‘rt mutaxassis o‘ldirilgan. Faxrizoda so‘nggi 10 yil ichida o‘ldirilgan beshinchi eronlik yadro olimi bo‘ldi. Eron barcha qotilliklar uchun Isroilni aybladi. Quddus esa ushbu qotilliklarga aloqador emasligini ta’kidlab kelgan. Faxrizodani yo‘q qilishda ham asosiy aybdor sifatida ko‘rilayotgan Isroil hozircha izoh berishdan tiyildi. Yahudiy davlati va uning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar yadro qurolining Tehron qo‘lida qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun favqulodda choralar qo‘llanilishini istisno etmaydi. 

Fahrizodaning o‘ldirilishi AQSH tomonidan Eronning bosh harbiy rahbari Qosim Sulaymoniyga qarshi uchuvchisiz samolyot yordamida amalga oshirilgan hujumdan deyarli 11 oy o‘tgach sodir bo‘ldi. Sulaymoniy 3 yanvar kuni Bag‘dodda o‘ldirilgan. Vashington ushbu zarbani xorijdagi Amerika qo‘shinlarini Islom inqilobi posbonlari korpusining “ Al Quds” kuchlarini boshqargan Sulaymoniydan himoya qilish uchun mudofaa operatsiyasi deb nomladi. Ma’lumot uchun, ushbu guruh AQSHda xorijiy terroristik tashkilot sifatida ro‘yxatga olingan.

Qotillikdan keyingi vaziyat

Eron AQSH va Isroilni har qanday hodisaga tayyor turishga chaqirdi. Eron Islom Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Majid Taxt-Ravanchi yadrochi-fizik olim Muhsin Faxrizoda o‘ldirilgandan so‘ng BMT Bosh kotibi va Xavfsizlik Kengashi raisining nomiga yuborgan maktubida Eron o‘z xalqi va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qolishi haqida yozdi.

“Qo‘shma Shtatlar va Isroilning mamlakatimga qarshi har qanday avantyuristik choralari paytida, ayniqsa, AQSH amaldagi ma’muriyatining qolgan davrida, Eron Islom Respublikasi o‘z xalqi va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi”, deb yozgan Majid Taxt-Ravanch.

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif esa, Isroilning yadrochi olim qotilligiga aloqadorligini e’lon qilgandi. U xalqaro hamjamiyatni, xususan Yevropa Ittifoqini ikki tomonlama standartlar siyosatiga barham berishga va “davlat terrorizmi” harakatini qoralashga chaqirdi. Shuningdek, Eron Oliy rahbarining maslahatchisi Husayn Dehqon mamlakat yadro dasturi mualliflaridan biri bo‘lgan yuqori martabali yadrochi olim Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishiga javob qaytarishni va’da qildi.

“Biz shahidning qotillariga chaqmoqdek yopirilamiz”, degan Oliy rahbar maslahatchisi.

Ayni vaqtda Sulaymoniyning vafotidan keyin bo‘lgani kabi, eronliklar Faxrizodaning o‘limi uchun qasos olishni talab qilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa, Eron Islom Respublikasi hukumatini bosiqlikka chaqirmoqda. Eron Oliy Bosh qo‘mondoni Oyatullo Ali Homanaiy hujum ortida AQSH va Isroil turganini aytdi. Yadrochi muhandisning o‘ldirilishi Tramp ma’muriyatining Eron rasmiylari bilan muloqotni qayta tiklashni xohlagan Baydenni bezovta qilishga qaratilgan yana bir urinish, degan taxminlar ham mavjud.


Maqola muallifi

Teglar

Hasan Ruhoniy Qosim Sulaymoniy Muhsin Faxrizoda

Baholaganlar

298

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing