Eronda terakt uyushtirganlardan biri tojikistonlik bo‘lgan – “Tasnim”
Olam
−
06 yanvar
6768General Qosim Sulaymoniy dafn etilgan Kirmon shahridagi qabriston yaqinida portlashlar sodir etgan ikki xudkush-terrorchidan biri Tojikiston fuqarosi bo‘lgan. Bu haqda Eron razvedka vazirligiga tayanib, “Tasnim” agentligi xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ikkinchi terrorchining shaxsi aniqlanmoqda. Shuningdek, Kirmon shahrida ham xudkushlardan ikki nafari istiqomat qilgan uy topilgan. Unda foydalanishga tayyor portlovchi qurilmalar, jumladan, portlovchi kamarlar bo‘lgan.
“Fars” agentligining Ichki ishlar vazirligiga tayanib xabar berishicha, Eron xavfsizlik kuchlari “jinoyatga aloqador muhim dalillar”ni aniqlagan. Portlashlar sodir bo‘lgan joyda ikki xudkushning jasadi topilgan.
Shuningdek, teraktga aloqadorlikda gumon qilinib, 11 kishi hibsga olingan.
Ichki ishlar vazirligi 89 kishi terakt qurboni bo‘lgani, ulardan 12 nafari Afg‘oniston fuqarolari ekaniga aniqlik kiritgan. Halok bo‘lganlar orasida 9 nafari 10 yoshgacha bo‘lgan bola va 30 nafari 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlardir.
Eslatib o‘tamiz, 3 yanvar kuni Eronning Kirmon shahrida Quds kuchlari qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy o‘limining to‘rt yilligiga bag‘ishlangan marosim o‘tkazilayotgan qabriston yaqinida ikkita portlash sodir bo‘lgandi. Mahalliy matbuotda terakt qurbonlari 100 dan oshgani xabar qilingandi. Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi bu ko‘rsatkichni oldinroq ba’zi qurbonlar ikki martadan noto‘g‘ri hisoblangani bilan izohladi.
LiveBarchasi