Sulaymoniy, Faxrizoda, Raisiy. Ular siyosat qurbonimi yoki fojia?
Tahlil
−
23 may
10792Qosim Sulaymoniy, Muhsin Faxrizoda va Ibrohim Raisiy. O‘z davrida Yaqin Sharqdagi siyosiy muhitning ob-havosiga yetarlicha ta’sir qilishga qodir bo‘lgan mazkur uch shaxsning o‘limi dunyo hamjamiyati tomonidan kuchli xavotir bilan qarshi olinadi. 2020 yilning 3 yanvarida general Qosim Sulaymoniy, shu yilning 27 noyabrida fizik olim, “Eron bombasining otasi” deya nomlangan Muhsin Faxrizoda va endilikda Eronning marhum Prezidenti Ibrohim Raisiy.
Yuqoridagi shaxslarni birlashtirib turuvchi nuqta bu – ularning barchasi umumiy ma’noda Eron, Isroil va AQSH o‘rtasidagi mojarolarning qurboni bo‘lgani ehtimoli yuqori.
Juda ko‘p siyosiy vektorlarning manfaatlari birdek to‘qnashadigan Yaqin Sharqda hech bir rahbar yoki obro‘li, butun dunyo e’tibor markazida bo‘lgan insonlarning o‘limi tasodifan sodir bo‘lishi amri mahol. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, bu insonlarning o‘limida aslida kimlarning qo‘li borligi, ularning aynan qaysi manfaatlar qurboni bo‘lgani va hokazolar haqida alohida to‘xtalib o‘tish bugungi siyosiy kun tartibidagi asosiy masalalardan biri hisoblanadi.
Sulaymoniy, Faxrizoda va Raisiyning o‘limidagi asosiy gumonlanuvchilar AQSH va Isroil bilan bir qatorda, G‘arb dunyosining boshqa yirik o‘yinchilaridir. Biroq, qizig‘i shundaki, mazkur o‘limlar ortidan kelib chiquvchi gumonlar yukining aksar qismi Eronning gardaniga ham tushishidir. Avval ham bir necha bor muhokama qilingan va butun dunyo tomonidan e’tibor markaziga olingan mazkur masala bugungi favqulodda ro‘y berayotgan keskin siyosiy vaziyatlar fonida yana tahlilga muhtoj. Yaqin Sharqda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ushbu yuqori martabali mashhur shaxslarning o‘limi va ularga sabab bo‘lgan holatlar hamda ushbu qotillik yoki tasodifiy o‘limlarning asosiy gumonlanuvchilariga nazar solamiz.
Tegirmon navbati bilan dastlab general Qosim Sulaymoniyga to‘xtalamiz.
Aynan Sulaymoniy Erondagi shov-shuvli o‘limlarning debochasi hisoblanadi. Eronda milliy qahramon, G‘arb propagandasi oqibatida tashqi dunyo uchun esa yovuz persona sifatida talqin qilinadigan ushbu general o‘z vaqtida defakto Yaqin Sharqning eng qudratli kishisi sifatida tan olingan. Generalga nisbatan berilgan bu maqom Eronning ichki siyosiy hayotida ham amalda bo‘lgan. Sulaymoniy tomonidan harbiy harakatlar ortidan yillar davomida to‘plangan obro‘ hattoki uning nomidan 2017 yilda mamlakatda prezidentlikka nomzod bo‘lishga da’vat qiluvchi harakat paydo bo‘lishi darajasiga ham yetdi. Sulaymoniyga berilgan bu ta’rifni yodingizda saqlab qoling, negaki aynan shu jumla uning o‘limida muhim faktor vazifasini bajargan bo‘lishi mumkin. Bu e’tirof o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Sulaymoniy hayoti davomida Yaqin Sharqdagi tinchlik va tartib uchun eng ko‘p kurashgan shaxslarning eng oldingi qatorida turgan holda, G‘arbning bu mintaqadagi asosiy raqibi hisoblangan.
Sulaymoniy nafaqat G‘arb dunyosi, balki sunniy o‘lkalarda ham yaxshi qarshi olinmagan. Bunga bir qancha asosli sabablar mavjud. Xususan, u Eronning shia davlatlarining mintaqaviy ittifoqini yaratishga qaratilgan siyosatining asosiy generatori edi. Bu esa o‘z-o‘zidan sunniylar yetakchilik mavqeiga ega bo‘lgan arab mamlakatlarida Sulaymoniyga nisbatan dushmanlik kayfiyatini uyg‘otgan. Yuqorida ta’kidlagamizdek, general Sulaymoniyga bo‘lgan dushmanlik kayfiyati faqatgina mintaqa bilan cheklanib qolmagan. Xususan, Qosim Sulaymoniy Suriya urushidagi kuchlar muvozanatini Bashar Asad foydasiga o‘zgartirish, Eronning Iroqdagi ta’sirini kuchaytirish, ustiga ustak u Iroqda AQSHning yuzlab askarlarini o‘ldirishda ayblangan. Ko‘rinib turibdiki, bu ishlari bilan marhum general mintaqada chorak asrdan buyon o‘ta faol va boshqaruv paketining asosiy qismiga egalik qiluvchi Qo‘shma Shtatlarning manfaatlariga chang solgan.
Sulaymoniyga AQSH va uning kislorod qopchasidan nafas oluvchi Isroil tomonidan bir-biridan xilma-xil ayblovlar qo‘yilgan. Qisqa qilib aytganda, aybdori topilmagan jinoyatlarning barchasi Qosim Sulaymoniyning gardaniga yuklangan. AQSHning sensatsion saylov natijalari ortidan hokimiyatga kelgan Donald Tramp 2020 yilning 3 yanvarida Sulaymoniy masalasiga ham, hayotiga ham nuqta qo‘ydi.
AQSH tomonidan Bag‘dod xalqaro aeroporti hududida amalga oshirilgan operatsiya oqibatida eronlik general, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy va Iroq shia qo‘shini rahbari o‘rinbosari Abu Mahdi al-Muhandis o‘ldirilgan. Vashingtonda ular 2019 yil 31 dekabr kuni Bag‘doddagi Amerika elchixonasiga hujum uyushtirishda ishtirok etgan deb taxmin qilinadi. Eron bunga javoban AQSHning Iroqdagi bazalariga, jumladan Ayn al-Asadga zarba bergan.
O‘sha vaqtdagi AQSH Prezidentining Milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Robert O’Brayen agar Qosim Sulaymoniy o‘ldirilmaganda, u AQSH diplomatlari va harbiylarini o‘ldirishi muqarrarligi, general yaqin kelajakda amerikalik diplomatlar va harbiylarga hujum qilishni rejalashtirganini aytib chiqdi.
Bu voqealar ortidan shundoq ham ziddiyatli bo‘lgan AQSH-Eron munosabatlari yanada boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Eron parlamenti Pentagonni terrorchi tashkilot, AQSHni terrorizm rahnamosi deb tan oldi.
Rasmiy Tehron eronlik general Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgani uchun AQSHdan qasos olingani, AQSH tomonidan boshqa tajovuz bo‘lmasa, yangi harbiy harakatlarga qo‘l urilmasligini e’lon qildi. Bundan pinagini ham buzmagan AQSH Prezidenti Donald Tramp hodisa yuzasidan xalqiga murojaat yo‘llab, Eronning Iroqdagi Amerika harbiy bazalariga hujumida hech kim halok bo‘lmaganini ma’lum qildi. Shuningdek, Eron chekingani va bu butun dunyo uchun yaxshi ekanini ta’kidladi.
“Sulaymoniy yomon, u terrorchilarni tayyorlardi va o‘limga allaqachon haqli edi. Eron hujumlarni va yadro dasturini to‘xtatishi shart. Bundan tashqari, mamlakatda barcha dunyo davlatlari kuchlari mavjud bo‘lishi kerak, jumladan, Rossiyaning ham”, dedi Tramp.
Tramp o‘sha paytda aytgan Eronning yadro dasturi haqida keltirilgan gaplarini eslab qoling, chunki Trampning keyingi qadami aynan shunga xos bo‘lgan.
Muhsin Faxrizoda. Fizik olim, universitet professori va Eron uchun juda dolzarb hisoblangan ballistik raketalar yadro kallaklarini ishlab chiqish bo‘yicha maxfiy “Amad loyihasi” rahbari. Tashqi dunyoda “Eron bombasining otasi” nomini olgan va dunyoning mashhur nashrlari tomonidan yadro bombasi ixtirochisi Oppenheimer’ga taqqoslangan.
Muhsin Faxrizoda Sulaymoniy o‘limidan 11 oy o‘tib, 2020 yilning 27 noyabr kuni Tehron yaqinida hujum qurboni bo‘ldi. Hodisa joyida dastlab xudkush terrorchi o‘zini portlatgan, keyin boshqalar olimning avtomobilini o‘qqa tutgan.
Sulaymoniydan farqli o‘laroq, Faxrizodaning o‘limida suiqasdni amalga oshirilishiga buyruq bergan aniq shaxs ma’lum emas. Eron hukumati avvaliga bu qotillikda mujohidlar va Isroilni ayblagan va bu ayblovda yetarlicha jon bor. Eronning strategik maqsadlari uchun eng asosiy tayanch ustun bo‘lgan ushbu fizik olimning o‘limidan faqat va faqat tashqi dunyo manfaatdor bo‘lgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
2021 yilning fevraliga kelib, Eron Islom Respublikasi Razvedka vazirligi rahbari Mahmud Alaviy Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishida Eron Qurolli kuchlari a’zosi ishtirok etganini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, razvedka xodimlari fizikka suiqasd bo‘lishi to‘g‘risida bilgan. Vazirlik ushbu hujum qayerda sodir bo‘lishidan ham xabardor bo‘lgan, ammo suiqasdning sodir bo‘lish vaqti noma’lum bo‘lgan. Vazirlik bu haqda tegishli organlarga qotillikdan besh kun oldin xabar bergan.
“The New York Times”ning 2021 yil sentyabr oyida Faxrizodaga qarshi amalga oshirilgan suiqasd operatsiyasi tafsilotlaridan xabardor bo‘lgan manbalarga tayanib yozishicha, olim Isroilning “Mossad” xavfsizlik xizmati agentlari tomonidan maxsus yaratilgan robot qotil yordamida o‘ldirilgan.
Nashrning yozishicha, Isroil Tashqi razvedka xizmati (Mossad)ning o‘sha paytdagi boshlig‘i Yosi Koen 2019 yil oxiri va 2020 yil boshida Amerika rahbariyatiga maxsus xizmatlar tomonidan Eron yadroviy dasturi rivojlanishiga to‘sqinlik qilish maqsadida tayyorlangan operatsiyalar ro‘yxatini taqdim etgan. Xususan, ro‘yxatda Faxrizodaga suiqasd qilish rejasi ham o‘rin olgandi. 2020 yil fevral oyining oxirida, o‘sha paytda Donald Tramp boshchiligidagi Amerika ma’muriyati vakillari yadroviy fizikni o‘ldirish rejasini ma’qullagan.
2010 yildan 2012 yilgacha Eronda yadro quroli bo‘yicha to‘rt mutaxassis o‘ldirilgan. Faxrizoda so‘nggi 10 yil ichida o‘ldirilgan beshinchi eronlik yadro olimi edi. Eron barcha qotilliklar uchun Isroilni aybladi. Isroil esa ushbu qotilliklarga aloqador ekanini rad etdi. Yahudiy davlati va uning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar yadro qurolining Tehron qo‘lida qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun favqulodda choralar qo‘llanilishini istisno etmaydi.
Yer yuzida yadro qurolining keng miqyosda tarqalmasligining oldini olish Qo‘shma Shtatlar tashqi siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu borada faqat Koreya yarimorolining yuqori qismidagi Kimlar rejimigina AQSHning nazoratidan chiqib ketgan. Muhsin Faxrizodaning yer yuzida mavjudligi esa ikkinchi marta shunday holatni yuzaga keltirish ehtimoli juda yuqori edi.
Qo‘shma Shtatlarning bu o‘limdan ikkita motivi mavjud. Biri Eronning yadro quroliga ega bo‘lishi AQSHga Yaqin Sharqdan chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘yilishi mumkinligi bo‘lsa, ikkinchidan tarixan qiziqqon fe’l-atvorga ega bo‘lgan forslar qo‘lida dunyodagi eng xavfli qurolning paydo bo‘lishi, kelgusida taxmin qilib bo‘lmas falokatlarga olib kelishi ehtimoli yuqoriligidir.
O‘z o‘rnida Isroil ham Faxrizodaning o‘limidan AQSHdan kam bo‘lmagan manfaatlari mavjud edi. Eronning 10-yadro davlatiga aylanishi mintaqada Isroilning kelajakda qaltis vaziyatlarda oxirgi chora sifatida qo‘llashi mumkin bo‘lgan “yadro shantaji” ustunligini yo‘qqa chiqarishi kundek ravshan edi. Bundan tashqari, suiqasd yuz bergan paytda “Jerusalem Post” nashrining xabar berishicha, Isroil Eron hukumatining qasos haqidagi va’dalari ortidan butun dunyodagi elchixonalari va vakolatxonalarini qo‘riqlashni kuchaytirgan. Shuningdek, Binyamin Netanyaxu ham Faxrizodaning tiriklik chog‘ida u haqida o‘z chiqishlarida bir necha bor to‘xtalib o‘tgan va jiddiy e’tibor qaratgan. Voqealar rivoji va tahlillar Faxrizodaning o‘limi AQSH va Isroil hamkorligi mahsuli yoki ularning ikkisidan birining yakdil fikri ortidan sodir bo‘lganligiga ishora qiladi.
Va nihoyat, hozircha so‘nggi o‘lim – Ibrohim Raisiy.
Joriy yilning 19 may kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida Eron Prezidenti o‘tirgan vertolyot halokatga uchradi. Unda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati hokimi Malik Rahmati va Tabriz shahrining imomi Muhammad Ali Ale Hoshem ham bo‘lgan. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pir Husayn Kolivand halokatda vertolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari halok bo‘lganini bildirdi. Eron vitse-prezidenti Mohsin Mansuriy prezident va unga hamrohlik qilayotganlarning o‘limi haqidagi xabarlarni tasdiqladi.
Odatda mamlakatdagi oddiy namoyishlar bo‘lsin yoki katta yo‘qotishlarga sabab bo‘ladigan voqealar, fojialarda birinchi daqiqalardayoq va yetarli faktlarsiz ochiqdan ochiq AQSHni va uning vassali bo‘lgan Isroilni ayblab chiqadigan Eron bu safar Raisiy va boshqa muhim shaxslarning o‘limini ob-havoning uchishga xalal bergani va vertolyotning texnik nosozligi bilan bog‘ladi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: dunyoga dars berishni da’vo qilayotgan, Isroil va AQSHga javob o‘qlarini yo‘llayotgan va Yaqin Sharqdagi qarorlarni o‘zisiz olinishini istamayotgan Eron loaqal bir prezidentning xavfsizligini saqlay olmaydigan, uni buzuq vertolyotga o‘tkazib qo‘yadigan darajada kuchsiz davlatmi? Yo Eron faqat dag‘dag‘a qilishni biladiyu amalga kelganda ob-havoning uchish uchun nomaqbulligini aniqlay olmaydigan darajada bo‘shmi?
Bugungi kundagi eng asosiy e’tibor markazidagi ushbu mudhish siyosiy voqelik yuzasidan mavjud bo‘lgan barcha taxminlar o‘ziga yarasha asoslarga ega. To‘g‘ri, Noqulay ob-havo faktori mavjud ekanligi o‘sha kungi qidiruv ishlari davomida yaqqol namoyon bo‘ldi. Texnik nosozlik haqida esa aniq asoslarga ega faktlar bor deb bo‘lmaydi, biroq tashqi kuchlarning aralashuvi ma’lum darajada suyansa bo‘ladigan taxmin. Sababi, diplomatik vakolatxona xodimlarining o‘limiga javoban Raisiy davrida Isroil birinchi marotaba Eron hududidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qqa tutildi. Buning natijasida esa Isroil va uning donorlari o‘ziga xos “kichik shok”ni boshidan o‘tkazdi. Eron o‘zining bu harakati bilan unga nisbatan sodir etiladigan hujumlar javobsiz qolmasligi xususida jiddiy signal berdi. Bu esa Yaqin Sharqda Isroilga qarshi Raisiy siymosida jiddiy raqib paydo bo‘lganini anglatardi. Shu tufayli Raisiyni “baxtsiz hodisa” tufayli kelib chiqqan o‘limida Isroil faktorini nazardan chetda qoldira olmaymiz.
Masalaning eng nozik va o‘yga toldiruvchi jihati shundaki, ushbu o‘limda ham Sulaymoniy bilan bo‘lgani kabi ichki siyosiy qotillik unsurlari bo‘lishi mumkinligi va bunday variantga to‘xtalishdagi asosiy sabab 55 yoshli davlat va din arbobi Mo‘jtabo Xomanaiydir. Oliy Rahnamoning o‘g‘li hisoblangan ushbu shaxs ehtimoli juda past bo‘lasa-da, ayrim sionistik manbalar tomonidan Raisiyning o‘limiga sababchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan omillar qatorida ko‘rilmoqda. Raisiy Xominaiyning siyosiy vorisi sifatida tayyorlanayotgani va bu kundan-kunga ayon bo‘lib qolgani, biroq endilikda oliy rahbarlik kursisiga kichik Xomanaiy asosiy nomzod bo‘lib qolgani yuqoridagi taxminni ma’lum ma’noda qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo Raisiy voqeasi hali sovushga ulgurmaganligi va oldinda yangi tafsilotlarning hali uzoq vaqt davomida birin-ketin ochiqlanishi bu to‘g‘risida xulosa qilishga shoshilmaslikka undaydi.
Boshqa tomondan butun dunyo, jumladan AQSHning o‘zi ham Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning vafoti uchun ta’ziya bildirib turgan bir vaqtda AQSH davlat kotibi hamdardlik rasmiyatchilik uchun ekanini aytib, Raisiyning o‘limidan keyin dunyo va Eron yaxshilikka va yanada yorqinroq hayotga yuz tutishiga ishonishini bildirdi.
Boshqa tomondan Eron bo‘lmasa-da tashqi kuchlar, aniqroq aytganda Rossiya Raisiyning o‘limida yana AQSHni ayblashga urindi. Nima emish, o‘z vaqtida ta’mirlanmagan vertolyotning halokatiga AQSH aybdor ekan. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov joriy haftada Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining Ostonada o‘tgan yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha jurnalistlar bilan muloqot qilib, Vashington aviatsiya sanoatiga qarshi sanksiyalar joriy etilgan mamlakatlarga ataylab zarar yetkazishini aytdi va buning yaqqol misoli sifatida Raisiy o‘limini keltirdi.
“Amerikaliklar buni inkor etadilar, lekin aslida AQSH sanksiyalar e’lon qilgan boshqa davlatlar Amerika uskunalari, jumladan, aviatsiya uchun ehtiyot qismlarni olmaydilar”, deydi u Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy vertolyotining halokatini izohlar ekan.
Ekspertlarning fikricha, Eron Prezidenti uchgan va halokatga uchragan Bell-212 ishonchli, ammo eski vertolyot bo‘lgan. Uning qiyin ob-havo sharoitida to‘siqlarni aniqlay oladigan radari ham bo‘lmagan. Agar vertolyotda shunday radar bo‘lsa, u to‘siqni ko‘rib, uning atrofidan uchib o‘tardi.
Yana shubhali tomoni shundaki, Prezident Raisiy odatda Rossiyaning Mi-171 vertolyotida uchgan (Mi-8 ning yangi dvigatellar va elektron jihozlar bilan modifikatsiyasi). Nega bu safar Bell-212 da safarga chiqqani sabablari noma’lum.
Rossiyada xizmat ko‘rsatgan uchuvchi Vadim Bazikinning fikricha, Bell-212 eski, ammo ishonchli vertolyot bo‘lib, u har qanday ob-havoda ucha oladi.
“Bunday vertolyotlarni oliy mansabdor shaxslarni tashish uchun olishga kim qaror qilganini bilmayman, lekin Prezident har doim birinchi toifali ehtiyot qismlar bilan uchadi, kapital ta’mirdan keyin uning dvigatellari yo‘q. Hamma narsa yangi o‘rnatilishi kerak. Eron uzoq vaqtdan beri sanksiyalarga dosh berishni va hamma narsani ishonchli bajarishni o‘rgangan, uchuvchilarimiz Eronda ishlagan, u yerda aviatsiya xavfsizligi tizimi a’lo darajada”, deydi Vadim Bazikin.
Bazikinning fikricha, Eron Prezidenti vertolyotining halokatiga inson omili, uchuvchi xatosi sabab bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, vertolyot har qanday ob-havoda aeroportga qo‘na oladi va uchuvchi juda yuqori malakaga ega bo‘lishi shart emas, chunki bu holatda avtomatlashtirish ishlaydi.
1979 yil boshida Islom inqilobidan oldin bir necha o‘nlab Bell 206, 212 va 214 modelidagi vertolyotlarning eng yirik mijozlaridan biri Eron bo‘lgan. Eronga yetkazib berilgan Bell-212 vertolyotlarining bir qismi Italiyaning Agusta kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Eronda esa 1979 yildan keyin ishlab chiqarilgan Amerika vertolyotlari yo‘qligi aytiladi. Shundan kelib chiqilsa, mamlakatning eng martabali shaxsi 45 yillik vertolyotga o‘tirgan yo o‘tkazilgan. 45 yil esa vertolyotlar xavfsizligi uchun uzoq muddat.
Yakunda Yaqin Sharq mintaqasida ro‘y bergan ushbu kutilgan va kutilmagan uch o‘limning sodir bo‘lishi bilan bog‘liq sababiy bog‘lanish haqida biron bir to‘xtamga kelish mintaqaning o‘zi kabi juda murakkab. Yaqin Sharq va u yerdagi ijtimoiy va siyosiy hayot uzoq yillardan buyon chigallik va tushunmovchiliklarga mahkum. Yuqori martabali fors amaldorlarining o‘limi esa bu mavhumliklarning bir qismi, xolos. Suiqasdlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, hozircha faqatgina Sulaymoniyning o‘limiga sabab bo‘lgan shaxsning nomigina dunyo hamjamiyatiga ma’lum. Aslida u holatning o‘zida ham qolgan ikki o‘limdan kam bo‘lmagan chalkashliklar va hali o‘z isbotini to‘liq topmagan taxminlar bor. Yuqoridagilar esa har bir hodisa va uning atrofidagi voqeliklarga tayangan holda tahlil qilingan. Ammo dunyo bu shubhali qotilliklar borasida hali yakdil bir haqiqatga ega emas.
LiveBarchasi