Qimorga eshik ochgan O‘zbekiston – Sport dayjesti
Sport
−
27 aprel
18588O‘zbekistonda Prezident farmoniga ko‘ra, qimorga asoslangan o‘yinlarga to‘liq ruxsat berildi, futbol bo‘yicha O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Parij Olimpiadasi sari katta qadam tashladi. Bokschi Isroil Madrimov hozirda dunyoning eng yaxshi charm qo‘lqop ustasi amerikalik Terens Krouford bilan jang qiladi.
Assalomu alaykum. Shu va boshqa mavzular bilan QALAMPIR.UZ'da sport dayjesti.
O‘zbekistonda tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga ruxsat berildi
O‘zbekistonda tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi. Bu haqda Prezidentning “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi. Shuningdek, lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlar va bukmekerlikni tashkil etish faoliyatlari qonunchilikka muvofiq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (vakolatli organ) tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiriladi.
Litsenziyalar asosida tashkillashtirilgan lotereya, internet tarmog‘idagi o‘yinlar va bukmekerlik garovlarida faqat 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston rezidenti va norezidentlari qatnashishi mumkin.
2025 yil 1 yanvardan 5 yil muddatga lotereya hamda internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini soliqqa tortishning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi belgilanadi:
- lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini yoki bukmekerlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatidan yoki bukmekerlik faoliyatidan olingan jami daromadidan to‘langan yutuqlar va qaytarilgan stavkalar chegirilgan holda 4 foiz stavkasida aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilari hisoblanadi;
- jismoniy shaxslarning agentlik tomonidan berilgan litsenziyalar asosida o‘tkaziladigan lotereyalar hamda internet tarmog‘idagi o‘yinlardan va bukmekerlik garovidan olingan yutuqlar sifatidagi daromadlari daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.
Lotereya va internet tarmog‘ida o‘yinlar, bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishini monitoring va nazorat qilish funksiyalari agentlik va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Olimpiada sari katta qadam tashladi
26 aprel kuni futbol bo‘yicha U-23 Osiyo kubogining chorak finali doirasida O‘zbekiston Saudiya Arabistoni bilan kuch sinashib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Juda muhim o‘yinda Temur Kapadze shogirdlari safida gollarga Husayn Norchayev va Umarali Rahmonaliyev mualliflik qildi. Shunday qilib, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Osiyo kubogining yarim finaliga yo‘l olib, Olimpiada sari yarimta yo‘llanmani naqd qildi.
Endi o‘zbekistonlik olimpiyachilar turnir finaloldi o‘yinida Indoneziya bilan kuch sinashadi. Agar Kapadze shogirdlari indoneziyalik futbolchilarni taslim eta olsa, Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmasiga ega chiqadi.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi shu vaqtga qadar biror marta Olimpiada chiqa olmagan. Hozirgi tarkib va vaziyatdan kelib chiqib, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi har qachongidanda Olimpiadaga yaqin deyish mumkin.
O‘zbekiston-Indoneziya o‘yini 29 aprel kuni soat 19:00 da start oladi. O‘zbekiston-Indoneziya bahsi g‘olibi Yaponiya-Iroq qarama-qarshiligida zafar quchgan jamoa bilan to‘qnash keladi.
Futzal: O‘zbekiston Markaziy Osiyo derbisida qatnashadi
Futzal bo‘yicha Osiyo kubogining yarim final o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Finaloldi o‘yinda O‘zbekiston terma jamoasi Eron bilan kuch sinashib, penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berdi.
Asosiy vaqtda 3:3 hisobi qayd etilgach, hakam ekstra taymlarga start berdi. Qo‘shimcha bo‘limlarda ham hisob o‘zgarmadi. Futzal lotoreyalarida esa Eron 5:4 hisobida zafar quchib, finalga yo‘l oldi.
O‘yin davomida O‘zbekiston terma jamoasi safida gollarga Sunnatulla Jo‘rayev va Abror Ahmetzyanov mualliflik qildi.
Finalda forslar musobaqa mezbonlari Tailand bilan kuch sinashsa, Xose Venansio Lopes shogirdlari 3-o‘rin uchun o‘yinda qo‘shni tojikistonlik futzalchilarga qarshi maydonga tushadi.
Final va 3-o‘rin uchun bahslar 28 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston-Tojikiston o‘yini Toshkent vaqti bilan 13:00 da, Tailand-Eron bahsi esa 16:00 da start oladi.
Rayan Garsiya o‘z hisobidan G‘azoga 20 mln dollar ajratdi
Amerikalik mashhur bokschi Rayan Garsiya G‘azo sektoriga gumanitar yordam uchun 20 million dollar xayriya qiladi. Bu haqda uning o‘zi X sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Garsiya G‘azo sektori uchun 20 million dollar gumanitar yordam jo‘natishga va’da bergan.
25 yoshli Garsiya oxirgi jangini 21 aprel tongida hamyurti Devin Xeyniga qarshi o‘tkazib, to‘liq davom etgan jangda hakamlar qaroriga ko‘ra g‘alaba qozondi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur jangdan oldin Rayan Garsiya o‘ziga 2 million dollar tikib, 12 million dollar yutib olgan. Umumiy hisobda Rayan Xeyniga qarshi jangdan 50 million dollar daromad ko‘rgan.
Shu vaqtga qadar Garsiya 27 marta ringga ko‘tarilib, janglarining 26 tasida g‘alaba qozongan. 1 ta to‘qnashuvda hamyurti Jervonta Devisga imkoniyatni boy bergan. Rayan 27 ta jangining 20 tasida raqiblarini nokautga uchratgan.
Madrimov va Krouford “nigohlar jangi”da to‘qnash keldi
24 aprel kuni AQSHning Nyu-York shahrida amerikalik mag‘lubiyat va murosa nimaligini bilmay kelayotgan 36 yoshli Terens Krouford (40-0, 31 KO) hamda 29 yoshli o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Isroil Madrimov (10-0-1, 7 KO) ishtirokida ilk matbuot anjumani hamda face-to-face marosimi bo‘lib o‘tdi.
3 avgust kuni Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan ushbu jangda o‘rtaga Madrimovga tegishli WBA chempionlik kamari hamda birinchi o‘rta vaznda vakant, ya’ni egasiz bo‘lib turgan vaqtinchalik WBO kamari qo‘yiladi.
Ikkala bokschi ham jang bo‘yicha o‘zlarining dastlabki fikrlarini bildirdi.
“Men professional boksdagi faoliyatimni boshlagan paytimda Terens kabi bokschilarga qarshi jang o‘tkazishni orzu qilganman. Bugun sevimli bokschimiz, P4P reytingi yetakchisi bo‘lgan Terens Krouford bilan jang o‘tkazish imkoniyatini qo‘lga kiritdim. Menga uning uslubi yoqadi. Uni hurmat qilaman, lekin bu mening divizionim. 3 avgust kuni kamarimni himoya qilishga tayyor bo‘laman”, deydi Madrimov.
Nigohlar jangining ikkinchi qismi Nyu-Yorkning tashrif qog‘ozlaridan biri Time square'da o‘tkazildi.
Nursulton Ro‘ziboyevning navbatdagi raqibi va jangi sanasi ma’lum bo‘ldi
O‘zbekistonlik UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyev tashkilotdagi navbatdagi jangini 12 mayga o‘tar kechasi AQSHning Sent-Luis shahrida o‘tkaziladigan turnirda o‘tkazadi. Bu haqda tashkilot rahbari Dana Uayt o‘z sahifasida ma’lum qildi.
O‘sha kuni Ro‘ziboyevga qarshi yarim o‘rta vazn toifasi reytingida 11-o‘rinni band etgan amerikalik Xoakin Bakli oktagonga chiqadi.
Ma’lumot uchun, 29 yoshli Bakli shu vaqtga qadar MMA'da 24 marta jang o‘tkazib, bahslarning 18 tasida g‘alaba qozongan, 6 ta to‘qnashuvda esa imkoniyatni boy bergan. Janglarining 13 tasida raqiblarini muddatidan avval mag‘lubiyatga uchratgan. 30 yoshli Ro‘ziboyev esa MMA'da umumiy 42 ta jangda qatnashib, 34 ta g‘alaba qayd etgan, 8 ta jangda mag‘lubiyatga uchragan. 14 jangda raqiblaridan muddatidan avval taslim etgan.
“Kalyari” Shomurodovni to‘liq sotib olmoqchi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va transfer huquqlari Rimning “Roma” klubiga tegishli bo‘lgan Eldor Shomurodov faoliyatini hozir to‘p tepayotgan “Kalyari”da davom ettirishi mumkin. Bu haqda Italiya OAV xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, o‘zbekistonlik forvardning yorqin o‘yini fonida Sardiniya jamoasi ustozi Klaudio Raneri Shomurodovni asosiy tarkibning ajralmas futbolchisi sifatida ko‘rmoqda.
“Kalyari” Shomurodovning samaradorligiga tobora ko‘proq ishonch hosil qilyapti. Klub “Roma” bilan amaldagi ijara shartnomasida sotib olish variantini faollashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. “Kalyari” ijarada to‘p tepayotgan Shomurodovning shartnomasidagi 10 million yevrolik sotib olish bandini faollashtirishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 28 yoshli Shomurodov joriy mavsum Italiya A Seriyasida 18 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning transfer qiymati 5 million yevroni tashkil etadi.
Fayzullayev Italiyaning 2 ta klubi radariga tushib qoldi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Moskvaning SSKA klubi a’zosi Abbosbek Fayzullayevga Italiyaning 2 ta klubi qiziqish bildirmoqda.
Fayzullayev joriy mavsum yakunida Yevropaga ko‘chib o‘tishi mumkin. Italiyaning ikki klubi “armiyachilar” futbolchisining o‘yinini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Hozircha klublar nomi oshkor etilmagan.
Fayzullayev Moskva jamoasida 2023 yilning yozidan buyon o‘ynab kelmoqda. Tomonlar o‘rtasidagi amaldagi shartnoma muddati 2026 yilning iyun oyi oxirigacha mo‘ljallangan. “Transfermarkt” portali uning qiymatini 5 million yevroga baholamoqda.
Rossiya Premer-ligasining joriy mavsumida 20 yoshli yarim himoyachi 18 ta o‘yin o‘tkazib, 3 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
LiveBarchasi