Qimmat aviachiptalar mashmashasi: O‘zA jurnalisti “O‘zbekiston havo yo‘llari”ni “urib” chiqdi

Jamiyat

image

Joriy yilning 4 mart kuni O‘zA saytida “O‘zbekistonliklar nima uchun qo‘shni davlat aeroportlaridan parvoz qilishni afzal ko‘rmoqda?” sarlavhali material e’lon qilingan.

Maqolada jurnalist “O‘zbekiston havo yo‘llari” orqali chet elga uchish juda qimmatga tushishini asosli dalillar bilan keltirib o‘tgan. O‘zbekistonga qo‘shni mamlakatlarda esa, aviachiptalar narxi birmuncha arzonligi keltirilgan. Masalan, Turkiyaga borib, yetti kun dam olib qaytish uchun bor-yo‘g‘i 500 AQSH dollari sarflasangiz yetadi, lekin buning uchun Chimkentdan uchishingizga to‘g‘ri keladi. Sababi Qozog‘istonda aviachiptalar O‘zbekistonga nisbatan ancha arzon. O‘zbekistondan Turkiyaga borib kelish chiptasi esa taxminan 800 AQSH dollaridan ham balan turadi.

Shuningdek maqolada, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi tomonidan taqdim etilayotgan aviachiptalar narxlari tufayli yuzlab o‘zbekistonliklar Qozog‘iston aeroportlari orqali parvoz qilayotgani qayd etilgan hamda bir necha haqli savollar o‘rtaga tashlangan. Lekin bu maqolaga nisbatan tayyor mijozlarni yo‘qotayotgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” tomonidan birorta izoh bildirilmagan. Shu sababdan O‘zA jurnalisti milliy aviakompaniyaga maxsus murojaat bilan chiqdi:

“Maqola ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilikning e’tiborini tortdi, ko‘plab fikrlar bildirildi. Qisqasi, hamma narx-navoning sababi bilan qiziqdi, mutasaddilardan izoh so‘radi. Mutasaddilar esa negadir ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savollarga javob berish yoki tushuntirishni istamayotirlar. Tushuntirish zarurligini tushunmayotgan bo‘lishlari ham mumkin. Nima bo‘lgandayam, aviachiptalar narxidagi baland-pastlikni izohlash, odamlarning so‘rovlariga javob berish madaniyatli yurtlarda oddiy qoida hisoblanadi. Shunday emasmi, hurmatli Baxtiyor Ibragimovich?!”, deb murojaat qiladi o‘z maqolasida jurnalist “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bosh direktoriga.

Umid qilamizki, O‘zA jurnalisti va minglab o‘zbeklarning ijtimoiy tarmoqlardagi izohtalab gap-so‘zlariga tez orada mutasaddilar tomonidan asosli javob e’lon qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston havo yo'llari O'zA

Baholaganlar

431

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing