Qaysi vazirliklarda moliyaviy qonunbuzilishlar yuqoriligi ochiqlandi

Jamiyat

image

Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan 2019 yilda o‘tkazilgan 10 334 ta moliyaviy nazorat tadbirlaridan 8028 tasi (78 foiz)da 488,3 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar aniqlanib, shundan 253,2 mlrd so‘mni (52 foiz) byudjet va maqsadli jamg‘armalar hamda xo‘jalik sub’ektlari hisob raqamlariga tiklanishi ta’minlandi.

Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, hisobot davrida asosiy e’tibor davlat byudjeti mablag‘larini maqsadli va qonun hujjatlariga muvofiq sarflanishiga qaratilgan bo‘lib, bunda ish reja bo‘yicha nazorat tadbirlari faqat kameral nazorat tadbirlari o‘tkazilgandan so‘ng shubhali xarajatlar aniqlangan byudjet mablag‘larini oluvchilardagina yakuniy nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

2019 yilda aniqlangan byudjet intizomini buzilish holatlari vazirlik va hududlar kesimi bo‘yicha quyidagi bo‘ldi:

2019 yilda eng ko‘p aniqlangan byudjet intizomini buzilish holatlari Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi muassasalarida 29,8 mlrd so‘mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan qonunbuzilish holatlari 19 mlrd so‘mga (2,7 marta) ko‘paygan.

Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi tizimi tashkilotlarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 16,7 mlrd so‘mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan 10,1 mlrd so‘mga (2,5 marta), Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimidagi muassasalarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 8,3 mlrd so‘mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan 2,9 mlrd so‘mga (1,5 marta), Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 7,8 mlrd so‘mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan 5,4 mlrd so‘mga (3,3 marta) ko‘paygan.

Shu bilan birga, hisobot davrida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi muassasalarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari 13,8 mlrd so‘mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan (17,1 mlrd so‘m) kamaygan bo‘lsa-da, yirik miqdorni tashkil etdi.

Hisobot davrida aniqlangan yirik miqdordagi moliyaviy xato va kamchiliklar Qashqadaryo (18,7 mlrd. so‘m), Toshkent (17 mlrd so‘m), Jizzax (16,9 mlrd so‘m), Andijon (11,8 mlrd so‘m), Surxondaryo (10,8 mlrd so‘m), Samarqand (10,2 mlrd so‘m) viloyatlariga va Toshkent shahriga (10,8 mlrd so‘m) to‘g‘ri kelmoqda.

Yakuniy nazorat tadbirlarida aniqlangan 129,6 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 4 498 ta nazorat tadbirlari hujjatlari qonuniy choralar ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Shuningdek, byudjet intizomini buzilishiga yo‘l qo‘ygan byudjet tashkilotlarining 396 nafar mansabdor va mas’ul shaxslariga belgilangan tartibda 291,3 mln so‘mlik ma’muriy jarima qo‘llanildi.

Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan profilaktika tartibida byudjet va byudjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarning 2019 yil uchun xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini me’yoriy hujjatlar hamda aniq hisob-kitoblar asosida rejalashtirilishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 39,1 mlrd so‘m miqdorida ortiqcha rejalashtirilgan xarajatlar aniqlanib, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu ortiqcha xarajatlarning oldi olindi.

Bundan tashqari, Davlat maqsadli jamg‘armalari va boshqa jamg‘armalar mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan 1 469 ta moliyaviy nazorat tadbirlarida 151,1 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, shundan 90,8 mlrd so‘mi (60 foiz) tiklanishi ta’minlandi hamda 141,4 mlrd so‘m miqdoridagi qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 744 ta nazorat tadbirlari hujjatlari qonuniy chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Shuningdek, Hukumat kafolati ostida jalb qilingan kredit mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan o‘tkazilgan 153 ta nazorat tadbirlarida 8,9 mlrd so‘m miqdorda qonunbuzilish holatlari aniqlanib, shundan 5,3 mlrd so‘mi tiklandi hamda 8,5 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 113 ta nazorat tadbirlari hujjatlari huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.


Maqola muallifi

Teglar

vazirlik moliya

Baholaganlar

50

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing