O‘zbekistonda islomiy moliya operatsiyalari uchun yangi standart ishlab chiqildi

Jamiyat

−

image

O‘zbekiston Markaziy banki islomiy banklarda “Murobaha” bitimlarini amalga oshirish tartibini belgilovchi ilk moliya standartini tasdiqlashni taklif qildi. Bu haqda joriy yilning 22 oktyabr kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Islomiy moliya standarti (1-sonli) “Murobaha”ni tasdiqlash haqida”gi qaror loyihasida keltirilgan.

Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan loyiha islomiy banklarda “Murobaha” operatsiyalarini amalga oshirish tartibini belgilaydi. Murobaha – bank tovarning dastlabki narxi va ustamasini mijozga ochiq ko‘rsatgan holda, uni nasiyaga sotish orqali moliyalashtirish usuli.

Loyihaga ko‘ra, bank mijozga sotishdan oldin tovarni o‘z mulkiga olishi shart. Tovarni sotib olmasdan va mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni olmasdan turib, mijoz bilan shartnoma tuzish mumkin emas.

Shartnomada tovarning dastlabki narxi va bank ustamasi alohida ko‘rsatilishi lozim. Ustama qat’iy summa yoki aniq foizda belgilanadi va keyinchalik o‘zgartirilmaydi. Mijoz to‘lovni bo‘lib-bo‘lib amalga oshirishi mumkin, biroq to‘lov muddati uzaytirilgani yoki kechiktirilgani uchun narxni oshirish taqiqlanadi.

Shuningdek, bank moliyalashtirish majburiyatini olgani yoki mijozni moliyalashtirgani uchun alohida komissiya va boshqa to‘lovlarni undirishi mumkin emas.

To‘lov kechiktirilgani uchun shartnomada jarima belgilanishi mumkin. Biroq bu mablag‘ bank daromadiga aylantirilmaydi, balki alohida hisobda saqlanib, mijoz nomidan to‘liq xayriya maqsadlariga yo‘naltiriladi.

Standart loyihasida oltin, kumush va valyutalarni murobaha asosida nasiyaga sotish taqiqlanishi ham belgilangan. Shuningdek, mijoz yoki uning vakili allaqachon egalik qilayotgan tovarni bank orqali unga qayta sotish mumkin emas.

Bundan tashqari, bank shartnoma bo‘yicha barcha to‘lovlar amalga oshirilguniga qadar tovarga egalik huquqini mijozga o‘tkazmasdan turishi mumkin emas.

Hujjat loyihasi 1 noyabrga qadar jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi. Qabul qilingan taqdirda, standart rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing