Britaniyada har 5 kunda bitta masjidga hujum qilingan – hisobot
Olam
−
29 iyul 2029 2 daqiqa
Buyuk Britaniyada 2025 yil iyul–oktyabr oylari davomida mamlakatdagi masjidlar o‘rtacha har 5 kunda bir marta hujumga uchragani aniqlandi. Bu haqda hukumatning musulmonlarga qarshi nafrat jinoyatlarini monitoring qilish bo‘yicha rasmiy hamkori hisoblangan British Muslim Trust hisobotiga tayanib “Anadolu” agentligi xabar berdi.
“Bo‘linish yozi: Musulmonlarga qarshi nafratning mamlakat bo‘ylab kuchayishi” nomli hisobotda qayd etilishicha, 2025 yilning iyul–oktyabr oylarida mamlakat bo‘ylab masjidlar va musulmonlar jamoat markazlariga qarshi 27 ta islomofobik hodisa tasdiqlangan.
Hisobotga ko‘ra, ushbu hujumlar oqibatida 25 ta turli masjid bevosita jabrlangan. Hodisalar 23 ta shahar va aholi punktida sodir bo‘lgan. Shuningdek, Virral, Epsom va Uotford hududlarida ayrim masjidlar bir necha bor yoki guruhlashgan tarzda nishonga olingani ta’kidlangan.
Ma’lum qilinishicha, masjidlarga qilingan hujumlarning 41 foizida qo‘rqitish maqsadida xochlar, Buyuk Britaniya bayroqlari, Sent-Jorj bayroqlari hamda turli xristian ramzlari va shiorlaridan foydalanilgan.
Hodisalarning 26 foizi esa zo‘ravonlik bilan bog‘liq bo‘lib, ular qatoriga oyna sindirish, bevosita hujumlar va o‘t qo‘yish holatlari kirgan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, iyuldan oktyabrgacha bo‘lgan davrda hujumlar oddiy vandalizmdan muvofiqlashtirilgan qo‘rqitish harakatlari va zo‘ravonlikka aylangan. Xususan, o‘t qo‘yish va bir ob’ektni qayta-qayta nishonga olish holatlari ko‘paygan.
Hujjat mualliflarining fikricha, ko‘plab musulmonlar bu kabi hodisalarni tasodifiy vandalizm yoki qonuniy vatanparvarlik namoyishi sifatida emas, balki o‘z e’tiqodi tufayli Britaniya jamiyatidagi o‘rni shubha ostiga qo‘yilayotgani haqidagi tahdid va qo‘rqitish harakatlari sifatida qabul qilmoqda.
British Muslim Trust mahalliy politsiya, munitsipalitetlar va boshqa mutasaddi idoralarni masjidlarga qarshi nafrat jinoyatlariga tezkor javob berish mexanizmlarini kuchaytirishga, jabrlangan jamoalarni zudlik bilan qo‘llab-quvvatlashga hamda idoralar o‘rtasida axborot almashinuvini yaxshilashga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ishg‘olchi Isroilning o‘ta o‘ngchi Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir politsiya qo‘riqlovi va ashaddiy yahudiylar hamrohligida ishg‘ol ostidagi Sharqiy Quddusda joylashgan Al-Aqso masjidiga yana bostirib kirgandi.
Live
Barchasi