Endi chet el valyutasida obligatsiyalar chiqarish mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekiston moliya bozorida yangi imkoniyat ochildi va endilikda tadbirkorlar o‘z obligatsiyalarini nafaqat so‘mda, balki chet el valyutasida ham chiqarishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) ma’lum qildi.

Adliya vazirligi kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida chet el valyutasida ifodalangan obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Xususan, chet el valyutasida ifodalangan obligatsiyalar – nominal qiymati va daromadi chet el valyutasida ifodalangan obligatsiya egasining obligatsiyaning nominal qiymatini va emissiya risolasida nazarda tutilgan daromadni olish huquqini tasdiqlovchi emissiyaviy qimmatli qog‘oz hisoblanadi. O‘zbekiston rezidenti va “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi bo‘lgan hamda yillik moliyaviy hisobot bo‘yicha mustaqil auditorlik tashkilotining ijobiy xulosasiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar ro‘yxatdan o‘tkazilgan xujjatga ko‘ra, chet el valyutasidagi obligatsiyalarni chiqarishi mumkin bo‘ladi.

Adliya vazirligining bu qarorini oddiyroq qilib aytganda, endi mahalliy kompaniyalar aholi va boshqa tadbirkorlardan dollar (yoki boshqa valyuta) hisobida qarz olishi mumkin bo‘ladi. Odatda kompaniyalar rivojlanish uchun pul kerak bo‘lsa, bankka borardi. Endi esa, ular maxsus «qarz qog‘ozlari»ni – obligatsiyalarni sotuvga chiqara oladi.

Bunda, 1 ta emitent tomonidan valyuta obligatsiyalari chiqarilishining umumiy summasi 50 mln AQSH dollari ekvivalentidan oshmasligi kerak. Valyuta obligatsiyalari ta’minlangan yoki ta’minlanmagan holda chiqarilishi mumkin bo‘ladi.

Valyuta obligatsiyalarini ta’minotsiz chiqarishga ularni chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadagi emitentning o‘z kapitali miqdori doirasida yo‘l qo‘yiladi. Emitentning o‘z kapitali miqdoridan oshib ketgan taqdirda, emitent valyuta obligatsiyalarini ta’minotsiz chiqarish uchun oshib ketgan summa miqdoriga ta’minot taqdim etishi shart.

50 million dollarlik limit bu bir kompaniya (emitent) qancha miqdorda qarz olishi mumkinligi belgilangan chegara. Ya’ni, bitta kompaniya jami chiqaradigan valyuta obligatsiyalarining summasi 50 million dollardan oshib ketmasligi kerak. Bu aholi va investorlarning pullarini himoya qilish uchun qo‘yilgan to‘siqdir. Toki kompaniya o‘zi ko‘tara olmaydigan darajada katta qarzga botmasligi maqsadida. Kompaniya shu holatda o‘z cho‘ntagidagi pulidan ko‘p qarz olmoqchi bo‘lsa, albatta garov (zalog) ko‘rsatishi shart bo‘ladi. 

Valyuta obligatsiyalarini chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi, shuningdek valyuta obligatsiyalarining daromadlarini to‘lash va so‘ndirish ustidan nazorat Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan amalga oshirilishi xujjatda belgilandi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

obligatsiya valyuta moliya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing