Qaysi sohalarga ishga kirishda korrupsiyaviy holatlar ko‘p uchrayotgani ochiqlandi
3-sahifa
−
26 mart
182142022-2023 yillar davomida 876 nafar shaxs davlat organlari va tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bog‘liq holda sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov ma’lum qildi.
Mazkur jinoyatlarni sodir etganlarning 282 nafari sog‘liqni saqlash, 72 nafari xalq ta’limi, 65 nafari maktabgacha ta’lim, qolganini boshqa soha vakillari tashkil etadi.
Sog‘liqni saqlash tizimiga fuqarolarni kichik tibbiyot xodimi, hamshiralik, feldsherlik va farrosh, maktabgacha ta’lim tizimiga tarbiyachi va texnik xodim, maktab ta’limi tizimiga o‘qituvchi va texnik xodim sifatida ishga qabul qilishda korrupsiya holatlari, milliy gvardiya, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga fuqarolarni pora berishga dalolat qilgan holda firibgarlik yo‘li bilan ishga kiritib qo‘yish holatlari nisbatan ko‘proq kuzatilgan.
Qayd etilishicha, ushbu holatning yuzaga kelishiga ish qidirayotgan fuqarolarga davlat korxona, muassasa va tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida shaffof ma’lumotlar berish tizimi lozim darajada shakllanmaganligi o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.
“Davlat korxona, muassasa va tashkilotlarining mansabdor shaxslari mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni yashirish orqali turli korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etish uchun uchun o‘zlariga shart-sharoit yaratmoqda, ish beruvchi tomonidan mavjud vakant o‘rinlarga ishga joylashishni so‘rab murojaat qilgan fuqarolarga nisbatan tamagirlik holatlari hamon uchrab turibdi”, deydi Sherzod Saparov.
Tahlillarga ko‘ra, 2023 yilda sudlar tomonidan ko‘rilgan ayblov hukmi chiqarilgan korrupsiyaga oid jinoyat ishlari soni 4 128 tani tashkil qiladi. O‘tgan yili Respublika bo‘yicha jami 6 535 nafar shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Javobgarlikka tortilgan 6 535 nafar shaxsning 1 076 nafari yoki 16,4 foizi ozodlikdan mahrum etilgan.
Eng ko‘p sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish – 2 067, pora berish – 894, firibgarlik – 769, pora olish – 121 va hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish – 125 hisoblanadi.
2023 yilda korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan shaxslar soni Andijon (971), Sirdaryo (472), Surxondaryo (332) viloyatlarida oshgan.
Sohalar kesimida o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, xo‘jalik yuritish va tadbirkorlik – (1 550), ta’lim – (586), bank sohasida – (323), sog‘liqni saqlash – (320) va huquqni muhofaza qilish (211) sohalarida eng ko‘p korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etilgan.
Jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarning 12 nafari respublika, 319 nafari viloyat, 5024 nafari tuman-shahar miqyosidagi davlat tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatgan.
Jinoyatlar tahlili ko‘rsatishicha, muqaddam sudlangan shaxslarning davlat xizmatiga qabul qilinishi ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishiga imkoniyat yaratib bermoqda. Jumladan, 2023 yilda 1 146 nafar muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, ularning 566 nafari muqaddam sodir etgan korrupsiyaviy jinoyatlari uchun sudlangan.
LiveBarchasi