“Qattiq zarba”. YeI ham Putinning qarori ortidan Rossiyaga qarshi sanksiya joriy qildi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari Rossiyaning Ukraina sharqida rossiyaparast separatistlar tomonidan tashkil etilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini (DXR va LXR) tan olishi munosabati bilan joriy qilinadigan birinchi sanksiyalar paketi bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian ma’lum qildi.

“Biz bir ovozdan sanksiyalarning birinchi paketi bo‘yicha kelishib oldik”, degan Le Drian Parijda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar bo‘yicha norasmiy kengashidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida. 

Unga ko‘ra, bu muhim nuqta. Biroq, Le Drian sanksiyalar mazmuniga aniqlik kiritmagan. U batafsil ma’lumot berish uchun so‘zni Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelga bergan. 

Borrel, o‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi qabul qilishga tayyorlanayotgan sanksiyalar paketi mamlakatga qattiq zarba berishini qayd etgan. 

“Ushbu sanksiyalar paketi a’zo davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. Bu choralar Rossiyaga ta’sir qiladi va qattiq zarba beradi”, degan Borrel. 

U, shuningdek, YeI so‘nggi soatlarda yaqin aloqada bo‘lgan AQSH, Buyuk Britaniya va Kanada bilan kelishilgan holda harakat qilayotganini ta’kidlagan. 

Kim sanksiyalar ostiga tushadi? 

“Bugun biz Rossiya Davlat Dumasining xalqaro huquqning buzilishi uchun ovoz bergan 351 nafar a’zosi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishiga kelishib oldik”, degan Borrel matbuot anjumani chog‘ida. 

Shuningdek, Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazish yoki tahdid qilishda rol o‘ynagan 27 nafar jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishi aytilgan. 

Ta’kidlanishicha, Donbass hududidagi operatsiyalarni moliyalashtiradigan banklar ham sanksiyalar ostida qoladi. Borrel bu banklarning nomlarini aytmagan. 

Kecha, 22 fevral kuni Davlat Dumasi Donetsk va Lugansk xalq respublikalari bilan do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnomalarni ratifikatsiya qildi. Qaror palata tomonidan bir ovozdan qabul qilindi, shartnoma uchun 400 kishi ovoz berdi. Ayni paytda, Yevropa Ittifoqi faqat 351 deputatga nisbatan sanksiyalar joriy qiladi. 

Yevropa Ittifoqi Rossiyani kuzatib boradi 

“Biz Rossiyaning xatti-harakatlarini kuzatib boramiz va sanksiyalar darajasini oshirishga tayyor bo‘lamiz”, degan Borrel. 

Shu bilan birga, Borrel Rossiya Federatsiyasining Ukraina bilan bog‘liq rejalari haqida gapirar ekan, “ko‘p savollar ochiq qolayotganini” ta’kidlagan. 

Yevroittifoq diplomatiyasi rahbari, shuningdek, Ukraina atrofidagi vaziyatni Rossiya bilan diplomatik yo‘l orqali hal qilishga urinishlarini ham ta’kidlagan. 

“Biz har qanday holatda ham mojaroning oldini olishimiz kerak. Biz Rossiyani muzokaralarga qaytarish uchun ishimizni davom ettiramiz”, degan u. 

Uning qayd etishicha, Yevropa Ittifoqi, xususan, BMT doirasida bunday ishlarni olib boradi. 

Eslatib o‘tamiz, AQSH ham Rossiyaning suveren qarzlari, bir nechta bank va kompaniyalarga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi. 

Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.

Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.

Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.

Qolaversa, 22 fevral kuni Yevropa Ittifoqi Rossiya armiyasini moliyalashtirgan uchta bankka nisbatan sanksiyalar joriy qilishi kutilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya EI

Baholaganlar

160

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing