Qatarlik futbolchi ham G‘azoda maktab va sportzallar qurilishiga yordam bermoqchi
Sport
−
17 Oktabr 2025 1998 2 daqiqa
Qatar terma jamoasining eng ko‘p o‘yinida ishtirok etgan futbolchisi Hasan Al Haydos 2026 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma olganidan so‘ng G‘azoda maktab va sportzallar qurilishini moliyalashtirishga va’da berdi. Bu haqda “The Peninsula” nashri xabar berdi.
Qatar ketma-ket ikkinchi marta Jahon chempionatida ishtirok etadi. 34 yoshli hujumchi Al Haydos 2024 yilda xalqaro faoliyatini yakunlashini e’lon qilgan bo‘lsa-da, bu yil terma jamoaga qaytdi. Qatar terma jamoasi 14 oktyabr kuni Dohada Birlashgan Arab Amirliklari ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, A guruhida birinchi o‘rinni egallab, Shimoliy Amerikadagi Jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani ta’minladi.
Al Haydos bayonotida futbol yutug‘ini kengroq gumanitar tashvishlar bilan bog‘lab, G‘azoda yaqinda erishilgan sulh bitimi va 13 oktyabr kuni Misrning Sharm-al-Shayx shahrida bo‘lib o‘tgan tinchlik sammitiga ishora qildi.
“Bayram kunlarida bizning mas’uliyatimiz dunyo bo‘ylab birodarlarimizning azob-uqubatlarini eslab, muvaffaqiyatimizni xayr-ehson uchun ishlatishdir. Xudo xohlasa, G‘azoni qayta qurish doirasida maktab va sportzal qurilishiga o‘z hissamni qo‘shaman. Ta’lim va sport hayotga yana bir bor yo‘l ochadi”, deydi Al Haydos.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA prezidenti Jani Infantino G‘azoda vayron bo‘lgan futbol inshootlarini qayta tiklashda yordam berishini aytib o‘tgan edi.