Qatardagi JCH tarixdagi eng qimmat futbol musobaqasiga aylandi
Sport
−
18 noyabr 2022
11585Muxlislar Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida 2018 yilgi Rossiya mundialidan ko‘ra, 40 foizga ko‘proq chiptalar sotib olishi kutilmoqda. Eng qimmat chiptalar esa final o‘yiniga chiqarilgan. Hal qiluvchi o‘yinning bir dona chiptasi 814 dollarga baholanmoqda. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
“Keller Sports” tadqiqotlariga ko‘ra, Rossiyadagi mundialga chiqarilgan chiptalarning o‘rtacha narxi 254 dollarni tashkil qilgan. Qatarda esa ushbu narx 340 dollar atrofida bo‘ladi.
Qayd etilishicha, Qatar mundiali uchun chiqarilgan chiptalar so‘nggi 20 yil ichidagi eng qimmati hisoblanadi. Final chiptalari esa to‘rt yil avvalgiga qaraganda 59 foizga qimmatroq.
Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati allaqachon tarixdagi eng qimmat futbol musobaqasiga aylandi. Mamlakatda oltita yangi stadion qurish va yana ikkita arenani to‘liq ta’mirlashga 3 milliard dollar atrofida mablag‘ sarflangani aytiladi. Mundial uchun qilingan umumiy xarajat esa taxminan 200 milliard dollarga baholanadi.
Eng ko‘p mablag‘ poytaxt Doha infratuzilmasini kengaytirish uchun sarflangan. Masalan, transport yo‘llari va xalqaro aeroportni rekonstruksiya qilish uchun ko‘p mablag‘ ketgan.
FIFA'ning ma’lumotlariga tayaniladigan bo‘lsa, noyabr oyiga qadar sakkiz stadionda 3 million dona chipta sotib bo‘lingan.
So‘nggi yigirma yil ichida Jahon chempionati uchun eng arzon chiptalar 2006 yili Germaniyada bo‘lib o‘tgan mundialda sotilgan. O‘shanda muxlislar o‘rtacha har bir chipta uchun 100 dollar to‘lagan. Final chiptalarining narxi esa o‘rtacha 262 dollarni tashkil qilgan.
Ma’lumot uchun, Qatar futbol bo‘yicha eng katta musobaqaga mezbonlik qiladigan ilk arab davlatiga aylandi. Mundial joriy yilning 20 noyabridan 18 dekabrigacha bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi