Qashqadaryodagi zaharlanish: oila bekasi vafot etdi, ota va katta o‘g‘il – komada

Jamiyat

image

Qashqadaryoda bir oilaning 7 a’zosi “Botulizmga gumon” – ovqatdan zaharlanish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgani, ulardan oila boshlig‘i, uning turmush o‘rtog‘i va katta o‘g‘lining ahvoli og‘irligi haqida xabar bergan edik. 

Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan kecha, 18 noyabr kuni soat taxminan 08:00 atrofida mazkur oila bekasi Yu.U. vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, ko‘rsatilayotgan malakali tibbiy xizmatga qaramasdan ayni paytda ota va katta o‘g‘ilning ahvoli ham o‘ta og‘irligicha qolmoqda. Ular sun’iy nafas oldirish apparatida saqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga keltirilgan oila boshlig‘i, uning turmush o‘rtog‘i va katta o‘g‘liga “Botulizm kasalligining og‘ir darajasi. O‘tkir toksemiya davri. Toksik neyropatiya. O‘tkir nafas yetishmovchiligi I darajasi” tashxisi qo‘yilgan edi. 

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, oilaning barcha a’zolari komada ekanligi haqidagi xabarlar esa asossiz. Shifokorlar bemorlar hayoti uchun kurashmoqda. Ayni paytda oilaning qolgan to‘rt nafar a’zosi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Ularning ahvoli qoniqarli”, deyiladi xabarda. 

Epidemologik surishtiruv davomida va bemorlarning bir haftalik taomnomasi o‘rganilganida quyidagilar aniqlangan:

Bemorlar joriy yilning 13 noyabr kuni kechki payt soat 17:00 da N.H.ning xonadonida osh bilan uch litrli shisha bankada uy sharoitida tayyorlangan pomidor konserva mahsulotini iste’mol qilishgan. Ertasi kuni ertalab soat 08:30 larda ularning barchasida ko‘ngil aynishi, holsizlanish, qayt qilish kabi kasallik alomatlari paydo bo‘lgan. So‘ng bemorlar shu kuni tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilishgan.

Bemorning xonadoni o‘rganilganda uy sharoitida tayyorlangan turli hajmdagi 13 dona konserva mahsuloti tegishli tartibda iste’moldan olinib, yo‘q qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

ovqatdan zaharlanish

Baholaganlar

148

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing