O‘zbekistonda 8 oyda qancha kishi ovqatdan zaharlanib vafot etgani aytildi
Jamiyat
−
21 Sentabr 2023
4627O‘zbekistonda 2023 yilning 8 oyida 414 nafar kishi ovqatdan zaharlandi. Bu haqda 21 sentyabr kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
O‘tgan sakkiz oy mobaynida 39 ta holatda ovqatdan guruhli kasallanish qayd etilgan. Buning oqibatida 414 nafar fuqaro jabrlangan, ulardan 2 nafari vafot etgan. Zaharlanganlarning 86 nafarini bolalar tashkil qiladi. Shu jumladan, kasallanganlarning 81 nafarida botulizm qayd etilgan.
"Maishiy, ya’ni uy sharoitida guruhli kasallanish salatlarni tayyorlashda sanitariya qoidalariga, saqlash tartibiga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelmoqda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarda bu kabi holatlar bizni ko‘proq o‘ylantirmoqda. 13 iyulda Sergeli tumanidagi 600-sonli bog‘chada 12 nafar, Angren shahridagi 10-sonli bog‘chada 27 nafar tarbiyalanuvchilarning guruhli ovqatdan zaharlanish holati ro‘yxatga olingan", degan Nurmat Otabekov.
Unga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bunday holatlarning kuzatilishi, birinchidan, oshxonalar loyiha asosida qurilmayotgani, sanitariya talablariga zid ravishda faoliyat yuritayotgani va issiq-sovuq cuv ta’minotidagi muammolar bilan bog‘liq. Mazkur oshxonalarda ishlatilayotgan jihozlar eskirgani, bolalarga ovqat tayyorlab berayotganlar nomutaxassis va sanitariya normalari bo‘yicha o‘qitilmagani ham asosiy sabablardan biri bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda 60 nafarga yaqin odam ovqatdan zaharlangani haqida xabar bergandik.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi