Qashqadaryodagi tashlandiq masjid qachon restavratsiya qilinishi aytildi
Jamiyat
−
31 may 2023
5055Qashqadaryoning Kasbi tumanidagi Sulton Mir Haydar ota kompleksiga tegishli Namozgoh (masjid) nurab borayotgani, uni asrab qolish uchun hech qanday chora ko‘rilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Madaniy meros agentligi Axborot xizmati ushbu holatga munosabat bildirib, qadimiy bino 2023 yilgi restavratsiya rejasiga kiritilganini ma’lum qildi.
Bayon etilishicha, Madaniy meros agentligining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan mazkur ob’ektda o‘rganish ishlari olib borilgan.
“Hozirda dastlabki loyiha hujjatlari shakllantirilib, restavratsiya jarayonini amalga oshirish uchun ekspertiza xulosalari tayyorlanmoqda”, deyiladi agentlik bergan izohda.
Ma’lumot uchun, Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani “Mug‘lon” qishlog‘i hududida joylashgan Namozgoh XIV asr yodgorligi hisoblanadi. Ushbu inshoot O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-son qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga arxitektura yodgorligi sifatida kiritilgan bo‘lib, davlat muhofazasiga olingan.
LiveBarchasi