Qashqadaryodagi paxta klasteriga ish qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
18 Oktabr
14889Qashqadaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi “Qarshi agroklaster” MCHJga nisbatan manipulyatsiya harakatlarini sodir etganligi uchun tegishli ta’sir chorasi qo‘llandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mitaning Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan birja savdolarini o‘tkazishda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarni taqiqlash bo‘yicha qonunchilik hujjatlari buzilishlari yuzasidan olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida, “Qarshi agroklaster” MCHJ paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan 8 ta holatda paxta tolasi mahsulotini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilgani aniqlangan.
Shuningdek, ushbu mahsulotni birja savdolarida shakllangan o‘rtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda, narxlarini yuqori qo‘llash oqibatida jami 517 million so‘mga yaqin miqdorda tafovut ma’lum bo‘lgan.
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “Qarshi agroklaster” MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanilgan.
Shu bilan birgalikda, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Navoiy viloyatida joylashgan ikkita klasterda texnik chigit mahsulotini savdoga qo‘yish jadvallariga muvofiq birja savdolariga qo‘ymaslik oqibatida oldingi birja savdolarida shakllangan mahsulotning o‘rtacha sotilish narxi o‘rtasidagi tafovut kelib chiqqani va birja savdolariga sotish jadvallarida nazarda tutilgan hajmlarda sotuvga qo‘ymagani oqibatida asossiz daromad olgani aniqlangandi.