Qashqadaryoda 15 yashar qiz zo‘rlandi
Jamiyat
−
12 yanvar 2020
33655Ijtimoiy tarmoqlarda bir necha kishi 15 yashar qizni zo‘rlangani va qiz 6 oylik homilasidan ajragani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Koson tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, Koson tumani tug‘ruq kompleksi tomonidan joriy yilning 9 yanvar kuni soat 00:30 larda voyaga yetmagan S.Bning 21 haftalik homilasi tushganligi haqida xabar berilgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshirish davomida so‘ralgan S.B. o‘z tushuntirishida 2019 yil 5 sentyabr kuni “Arabxona” mahallasidan o‘tuvchi yo‘lda o‘zini “Behruz” deb tanishtirgan shaxs avtomashinasiga mindirgani, uni yaxshi ko‘rishini aytib, shu atrofdagi uyiga olib borib, kiyimlarini majburan yechib nomusiga tekkanligini, qo‘rqib qolgani sababli ushbu holat yuzasidan hech kimga murojaat qilmaganligini bildirgan.
Tezkor surishtiruv ishlari davomida “Behruz” deb tanishtirgan shaxs “Arabxona” mahallasida yashovchi S.Q. ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 118-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda Koson tumani IIB TB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.