Qashqadaryoda jinsiy qullikda saqlangan qizning ahvoli ma’lum qilindi
Jamiyat
−
25 dekabr 2023
22120Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida 14 yoshli qiz yetti oy davomida jinsiy qullikda saqlangani haqida xabar berilgan edi. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova qizning holidan xabar oldi. Bu haqda Bolalar ombudsmani Telegram-kanalida ma’lum qilindi.
“Viloyatga safarimiz doirasida shu yilning noyabr oyida Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida yashovchi fuqaro N.A. tomonidan 7 oy davomida tahdid orqali jinsiy ekspluatatsiya qurboniga aylangan, 2009 yilda tug‘ilgan Ch.T. bilan uchrashdik va unga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy ko‘mak, ta’lim shart-sharoitlar hamda emotsional-psixologik yordam holatini o‘rgandik”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, qizning hozirda ahvoli ancha yaxshilanib, barqarorlashgan, psixolog tomonidan unga muntazam ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, pedagoglar jalb qilingan holda bolaga maktab dasturidagi asosiy fanlardan darslar o‘tilmoqda.
“Samimiy suhbatimiz davomida qizcha kelgusidagi rejalari bilan bo‘lishdi, eng asosiy maqsadi – ta’lim olib, huquqni muhofaza qilish sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishga intilishini bildirdi. Bolalar ombudsmani bunday mudhish jinoyat qurboni bo‘lgan bolaning har tomonlama reabilitatsiyasi, o‘z tengdoshlari doirasida normal ijtimoiylashuvi va eng muhimi, ta’lim olish imkoniyatlari ta’minlanishi ustidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur jinoyat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda Kitob tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu borada qo‘shimcha ma’lumot beriladi.