Qashqadaryoda YPX xodimini videoga olgan shaxs 7 sutkaga qamaldi (video)
3-sahifa
−
11:33 330 1 daqiqa
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yo‘l-patrul xizmati xodimi bilan suhbatini videoga olib, Instagram’ga joylagan fuqaro 7 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, fuqaro joriy yilning 5 oktyabr kuni Chiroqchi dehqon bozori oldida YPX inspektorlari tomonidan o‘tkazilayotgan reyd vaqtida to‘xtatilgan. Unga nisbatan tekshiruv o‘tkazilgan va jarayon davomida YPX xodimi bilan suhbat videoga olingan.
Shundan so‘ng, fuqaro videoni Instagram’dagi sahifasiga joylagan. Keyinchalik u videoni ijtimoiy tarmoqqa joylaganidan pushaymonligini bildirib, uzr so‘ragan va bunday holat boshqa takrorlanmasligini aytgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan fuqaroning harakatlariga huquqiy baho berilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudi tomonidan unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 195-2-moddasi (huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto- va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish) asosida 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Sud qaroriga ko‘ra, fuqaro huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimini foto va video tasvirga olib, uni obro‘sizlantirish maqsadida tarqatganlikda aybdor deb topilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda YPX xodimining xizmat faoliyatiga oid videoni ijtimoiy tarmoqda tarqatgan fuqaroga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi