Qashqadaryoda yer olib berish uchun 350 mln so‘m olgan rahbar ushlandi
3-sahifa
−
14 fevral
6342Qashqadaryo hamda Navoiy viloyatlarida yer maydonlarini sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Qamashi tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda "G‘.S." fermer xo‘jaligi rahbari S.Ch. "B.M." xususiy korxonasiga qarashli yaylov uchun mo‘ljallangan 57 gektar yer maydonini tanishlari yordamida fuqaro K.B.ning nomiga ijara shartnomasi asosida olib berishi evaziga 350 million so‘mni olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, Navoiy viloyati kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiyasi yuriskonsulti R.X. (muqaddam sudlangan) fuqaro J.R.ning ishonchiga kirib, Karmana tumani "Yangiariq" MFYda joylashgan kichik sanoat zonasi hududidagi 2,1 gektar yer maydonini "E-auksion" elektron platformasi orqali arzon narxda xarid qilib, uning nomiga rasmiylashtirib berishi evaziga 93 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qarshi tumanida esa fuqaro N.X. tumandagi "Kat" MFY hududida joylashgan, zaxiradagi 6 sotix yer maydonini fuqaro M.A.ga go‘yoki kadastr va soliq idoralarida ishlovchi tanishlari yordamida rasmiylashtirib berishi evaziga 35 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan. Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida tadbirkorlarning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritib, chigitning puliga 4 ta mashina olgan shaxslar aniqlangandi.
LiveBarchasi