Qashqadaryoda yonayotgan Nexia boshqa mashinaga kelib urildi
3-sahifa
−
30 dekabr 2023 11290 1 daqiqa
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda yonayotgan mashinaning harakatlanib, to‘xtab turgan boshqa mashinaga borib urilgani aks etgan video tarqaldi.
"Zamon" informatsion dasturida ma’lum qilinishicha, voqea 28 dekabr kuni Qashqadaryoda sodir bo‘lgan. Svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan Nexia-2 avtomobilida to‘satdan yong‘in chiqqan. Shu sababli haydovchi va u bilan transport vositasining salonida bo‘lgan sherigi mashinadan tushib, qochgan. Yo‘l qiya bo‘lgani va qo‘l tormozi tortilmagani sababli mashina pastga qarab yo‘nalgan.
“Mashinam qiyalikda turgandi, alangani ko‘rib, qo‘l tormozini tortishni esdan chiqardik. Bizning aybimiz bee’tibor bo‘lib, mashinani o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazmaganimizda”, deydi haydovchi.
Shundan so‘ng, mashina yo‘lda to‘xtab turgan boshqa bir mashinaga kelib urilgan. Natijada olov ikkinchi mashinaga ham o‘tgan. Voqea joyiga bitta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib kelgan va holat bartaraf etilgan.
Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagan. Ammo yong‘in chiqqan mashina to‘liq yonib ketgan. Ikkinchi mashinaga esa qisman talafot yetgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Yunusobod tumanida ham Nexia-2 rusumli mashina yonib ketgandi.
Live
Barchasi